Vaksinaning buster dozasi bilan emlanish afzalligi xususida

Bugungi kunda butun dunyoda, shuningdek, yurtimizda ham koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat tobora keskinlashayotgani hamda shu kecha kunduzda virusning “omikron” shtammi shiddatli tarqalayotgani xususida jahon ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda turli xil xabarlar muntazam berib borilmoqda.

Har bir davlat bu kasallikka qarshi kurashishning eng muqobil usuli, yaʼni uning profilaktikasi, davosi va reabilitatsiyasini qo‘llab kelmoqda. Ammo yuzaga kelayotgan yangi shtammlar dunyodagi epidemiologik vaziyatning tobora murakkablashishiga sabab bo‘layotir. Dunyo mamlakatlari kasallikni nazorat qilish maqsadida maʼlum vaqt oralig‘ida karantin qoidalarini kuchaytirishga majbur bo‘lmoqda.

Chunki infeksiyaga chalinganlarning haddan ziyod ko‘payishi pandemiyani nazorat qilish imkoniyatini cheklaydi va sog‘liqni saqlash tizimining zo‘riqishiga sabab bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati va samaradorligi pasayishiga hamda aholi o‘rtasida ishonchsizlik kuchayib ketishiga olib keladi.

Shu bois mamlakatimizda ham koronavirusga qarshi kurashish va kasallikning ommaviy tarqalib ketmasligini oldini olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan barcha chora-tadbirlar qatʼiy tartibda ko‘rib chiqilib, aholini o‘z ixtiyori bilan emlanishga chaqirilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, pandemiya davrida koronavirus kasalligidan, uning og‘ir asoratlari va o‘lim holatidan qutulib qolishning eng samarali yo‘li, bu ham bo‘lsa mazkurkasallikka qarshi emlanish hisoblanadi.

Bu vaziyatda mamlakatimizda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 2021 yilning 1 aprelidan boshlandi va hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda. Maʼlumot uchun shuni aytish joizki, yurtimizga bugungi kunga qadar jami yetti turdagi, yaʼni “AstraZeneka”, “ZFUZ-VAK-2001”, “Sputnik V”, “Moderna”, “Pfizer”, “Sinovac”, “Sputnik light” kabi vaksinalar olib kelindi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, COVID-19ga qarshi qo‘llangan vaksinalar miqdori 49,8 million dozani tashkil etdi. Buni respublika miqyosida ko‘radigan bo‘lsak, birinchi doza bilan emlash ko‘rsatkichi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 89 foizni, to‘liq bosqichlarda emlanish ko‘rsatkichi esa 66,5 foizni tashkil qilmoqda. Shu paytga qadar emlanganlar orasida jiddiy asorat kuzatilmagani vaksinalarning xavfsizligi va ishonchliligiga aniq dalildir! Yaqin kunlar ichida emlash uchun esa yana turli dozadagi vaksinalar keltirilishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan 2021 yilning 17 noyabridan boshlab, esa to‘liq emlash kursini olganlarni (2 yoki 3marotaba emlanganlar) buster doza bilan ixtiyoriy ravishda emlash ishlari boshlandi.

Shu o‘rinda aholi va soha xodimlari o‘rtasida buster doza nima o‘zi? Bu vaksinani kimlar oladi? degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Bu savollarga Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi bo‘lim mudiri Nigora Musayeva quyidagicha javob beradi: “Buster” so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, ko‘makchi, yordamchi, tezlatuvchi, jadallashtiruvchi kabi maʼnolarni anglatadi. Buster doza vaksinasi bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi 2 yoki 3 marotaba emlangan shaxslar, yaʼni to‘liq emlash kursini olib, 6 oy va undan ortiq vaqt o‘tgandan so‘ngina emlanishi mumkin. Bu vaziyatda har qanday shaxs vaksinaning 2 yoki 3ta dozasini, yaʼni to‘liq kursini olganidan keyin organizmda virusga nisbatan yuqori titrda antitanachalar paydo bo‘ladi. Biroq maʼlum vaqt o‘tishi natijasida uning antitanachalar titri kamayib boradi va organizmni himoya qila olmaydigan darajaga tushib qoladi. Bu jarayonda mazkur buster doza orqali susayib borayotgan immun tizimini qaytadan barqaror holatga keltiradi. Bunda bevosita organizmda virusga nisbatan yuqori titrda antitanachalar paydo bo‘ladi va birlamchi emlanishdan keyin hosil bo‘lgan immunitet darajasini tezlikbilan, qisqa muddatda yuqori darajaga ko‘tarib beradi. Buster doza vaksinasi bilan emlanish “alfa”, “delta” shtammlaridan tashqari “omikron” shtammi bilan chaqirilgan COVID-19 kasalligidan himoya qila oladi. Mabodo kasallik yuqib qolgan taqdirda ham jiddiy asoratlarsiz, yengil tarzda o‘tib ketadi. Buster doza, avvval olingan vaksina bilan bir xil bo‘lishi shart emas. Vaksina oluvchining xohishiga ko‘ra buster dozani har qanday turidan foydalangan holda bir marotaba olinadi xolos.

Hatto, butun dunyo olimlari ham emlangandan 6 oy o‘tganidan so‘ng buster doza olishni tavsiya etmoqda. Bu bejiz emas. Buster doza mavjud immunitetni yanada mustahkamlab, davomiyligini oshiradi. Emlanish jarayonining zarurligi haqida butun dunyo ommaviy axborot vositalarida ham bong urilmoqda. Buni har bir fuqaro tushunishi va o‘z vaqtida, o‘z ixtiyori bilan emlanishi zarur.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, bugungi kunda butun dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yanada murakkablashmoqda. Xususan, virusning yangi “omikron” shtammi qator mamlakatlarda jiddiy xavf solmoqda.

Afsuski, bizning yurtimizga ham “omikron” shtammi allaqachon kirib ulgurgan. Shu sababli Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2022 yilning 13 yanvardagi 01/113-22-sonli ko‘rsatma xati bo‘yicha temiryo‘lchilarni o‘z xohishiga ko‘ra emlanishi, shu jumladan, buster doza olishni jadallashtirilishi, korxona, tashkilot va muassasalarda niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish ustidan nazorat kuchaytirilishi ta’kidlab o‘tilgan.

Bugungi kungacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Markaziy sanitariyaepidemiologiya stansiyasi xodimlari tomonidan temiryo‘lchilarni kasallikdan himoyalanishi, ularni o‘z vaqtida emlanishi, shu bilan birgalikda ijtimoiy masofani saqlash, doimiy niqobda yurish, antiseptiklardan to‘g‘ri foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish kasallikdan saqlanishning asosiy usullari ekanligi to‘g‘risida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, har bir inson organizmida immun tizimini kuchaytirish uchun, eng avvalo, COVID-19 infeksiyasiga qarshi buster dozasini olish muhimligini unutmaslik lozim. Shunda nafaqat o‘zingizni, balki atrofingizdagi yaqinlaringizni ham koronavirus xastaligidan saqlagan bo‘lasiz!

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI