Ig‘vo murojaatga javob
Telegram-mesejerdagi “@SizdanTelegram©|Yangi O'zbekiston” nomli kanaliga Nasriddin Mirzaqulov ismli fuqaro “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan shikoyat bilan murojaat etdi. Ma’lumot o‘rnida, ushbu inson 2021-yilning o‘zida qariyib 30 marotaba, tegishli bo‘lgan va bo‘lmagan vazirlik-idoralariga korxona faoliyatidan noroziligini bildirib murojaatlar bilan maktub yo‘llagan.
Ushbu murojaatda keltirilgan e`tirozlar oldingi murojaatlarida atroflicha o‘rganilib muallifga yetarli javob berilgan. Bunday holatlarda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi” qonunning 30-moddasi 1-xat boshi 1-qismiga asosan murojaat ko‘rib chiqishdan tugatilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ta’kidlash lozimki, 2017-yil 8 noyabrdagi ko‘mir sanoati korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi tashkiliy chora tadbirlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3380-sonli Qaroriga asosan, “Sharg‘unko‘mir” AJ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibiga o‘tkazildi. Mazkur davrdan boshlab “Sharg‘unko‘mir” AJ da haqiqiy rivojlanish bosqichlari boshlandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi, chunki buni korxonaning asosiy ko‘rsatkichlari yildan yilga o‘sishi bilan o‘z isbotini topmoqda. Jumladan, korxonaning bugungi kungacha bo‘lgan tarixida eng yuqori ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichlari 2019 yilda 245,0 ming tonna, 2020 yilda 264,0 ming tonna va 2021 yilda 275,0 ming tonnani tashkil etdi. Ishlab chiqarish hajmining yildan yilga o‘sib borishi jamiyat moliyaviy ahvolining yaxshilanishiga hamda ko‘mir qazib olish tannarxining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Hozirgi kunda korxonada jami 600 nafarga yaqin ishchi-xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda. Rahbar xodimlarning asosiy qismini o‘z ishini hamda tog‘-kon sanoatini puxta biladigan, oliy ma’lumotli, hamda salohiyatli yosh mutaxassislar tashkil etadi. Korxonadagi oylik-maosh masalasi alohida e’tiborda. Jamiyatdagi jami ishchi-xodimlarning o‘rtacha ish haqi 4 611 524 so‘m bo‘lib, yer osti usulida ko‘mir qazib chiqarish uchastkasi ishchi-xodimlarining o‘rtacha ish haqi 6 738 328 so‘mni tashkil etmoqda. Jumladan, tozalash zaboyi yer osti tog‘ ishchisiga (GROZ) – 9 410 077 so‘m, lahm o‘tuvchiga (proxodkachi) – 8 119 770 so‘m, ta’mirlash bo‘yicha tog‘ ishchisiga – 7 267 262 so‘m miqdorda oylik maosh to‘lanadi.
Ma’lumki, yurtimizda ish beruvchi korxona tomonidan ishchi-xodimlarga haq to‘lanadigan mehnat ta’tili berilishi O‘zbekiston Respublikasida Mehnat Kodeksi bilan tartibga solinadi va unga ko‘ra “Xodimlarga o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan yillik asosiy ta’til beriladi” (134-modda). Shu bilan birga “Mehnat jarayonida sog‘lig‘iga fizikaviy, kimyoviy, biologik va ishlab chiqarishning boshqa zararli omillari ta’sir etadigan xodimlarga noqulay mehnat sharoitida ishlaganliklari uchun yillik qo‘shimcha ta’til beriladi” (137-modda). Korxonalarda qo‘shimcha ta’til olish huquqini beruvchi ishlar, kasblar va lavozimlar ro‘yxati, ta’tillarning muddati, ularni berish tartibi va shartlari tarmoq kelishuvlari, jamoa shartnomasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan mehnat sharoitlarini baholash uslubiyoti asosida belgilanadi.
Shuningdek, ish o‘rinlarini shahodatlash (har 5 yilda o‘tkaziladi) bo‘yicha “EKO-BIO-TEST” MCHJ xulosasiga ko‘ra “Yer osti usulida ko‘mir qazib olish” uchastkasi ishchi xodimlari uchun mehnat ta’tilining yillik qo‘shimcha miqdori maksimal 18 kun etib belgilangan. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 06 sentyabrdagi 743-sonli Qaroriga asosan dengiz sathidan 1701 metrdan 2000 metrgacha balandlikda ishlayotgan xodimlarga 2 kun qo‘shimcha haq to‘lanadigan mehnat ta’tili berilishi belgilangan. Shunday qilib “Yer osti usulida ko‘mir qazib olish” uchastkasi ishchi xodimlari jami 35 kun yillik mehnat ta’tili olishadi (15 kun (asosiy) + 18 kun (ish o‘rinlarini shahodatlash xulosasi bo‘yicha) + 2 kun (743-Qarorga asosan)).
“Sharg‘unko‘mir” AJ hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2021 – 2023 yillar uchun ish beruvchi vakillar va ishchi-xodimlar o‘rtasida uzoq muhokamalardan so‘ng tomonlar takliflari inobatga olingan holda tuzilgan va tasdiqlangan Jamoa shartnomasi 2021 yil 1 iyul sanasida qabul qilingan va bugungi kunda mazkur korxona ushbu xujjat asosida faoliyat olib bormoqda.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI