Tibbiy xizmat ko‘rsatish takomillashmoqda: qisqa vaqtda aniq tashxis qo‘yilmoqda

Temir yo‘l tizimida soha xodimlarining salomatligini mustahkamlash va kasalliklar profilaktikasini yaxshilash hamisha muhim o‘rin tutadigan masalalardan biridir.

Shu boisdan bugungi kunda soha tibbiyot muassasalari faoliyatida mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Qo‘qon birlashgan temir yo‘l shifoxonasida ham temiryo‘lchilarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, pullik tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida shifoxona moddiy-texnik bazasi bir qator yangi, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan boyitildi.

Shifoxona bosh shifokori M.Boyboboyevning taʼkidlashicha, pnevmoniya va boshqa kasalliklarni erta aniqlash va tashxis qo‘yishda foydalaniladigan SMART-DP US21-001 rusumli raqamli rentgen qurilmasi ayni paytda temiryo‘lchilar va viloyat aholisiga beminnat xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur diagnostika uskunasi rentgen ko‘rsatmalarini negativ va pozitiv uslubda, shu bilan birga videoga olish imkoniyatiga ham ega. Shuningdek, kontrast modda yuborilganda daqiqalarni o‘zi hisoblaydi, tasvirlarni bir-biri bilan taqqoslay oladi. Bemorni 90 dan 180 darajagacha bo‘lgan radiusda rentgenga olish imkoniyatiga ega. 

Rentgen apparatining afzalliklaridan biri – bemorning katta yoki kichik yoshda, to‘lishgan yoki ozg‘inligiga qarab ham rentgen nurini tanlab uzatadi. Boshqaruv pultida zamonaviy multiformatli, ikki kamerali termografik printeri yordamida rentgenni plyonkaga tushirib, uni ikki xil o‘lchamdagi negatoskop orqali ko‘rish imkonini beradi.

Hozirda bu qurilma maxsus xonaga o‘rnatilgan bo‘lib, boshqaruv pulti orqali zamonaviy yangi kuzatuv kamerasi va videomonitor yordamida bemorning holati doimiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. 

DS-40 rusumli ultratovushli tashxis tizimi avvalgi apparatdan sifati va kasallikka erta tashxis qo‘yilishida  birmuncha ustunlikka ega. Masalan, endokrin kasalligida ayollar ko‘krak sut bezini aniq va to‘liq tashxislash, bo‘qoq bezi tuguni, onkologik o‘smalar bor yoki yo‘qligini erta aniqlash, ginekologik kasalliklarni chuqurlashtirilgan tartibda ko‘rish imkoni, homilador ayollarni skrining tekshiruvidan  va bolalarni neyrosonografiyadan o‘tkazish, ularga tashxis qo‘yish, shu bilan birga qon-tomir tizimi kasalliklarini ham aniqlash yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Muhim jihati, funksiyalari ko‘p, qisqa vaqtda aniq tashxis qo‘yish imkoni yuqori bo‘lmoqda.

Shifoxonada Binokulyar oftalmoskop, A.V. rusumli skaner ultratovushli oftalmologik apparati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri oftalmoskop kabi tibbiy asboblarning joriy etilishi ko‘z kasalliklarini erta aniqlash, o‘z vaqtida muolaja qilishni yana-da  yaxshilanishiga sabab bo‘lmoqda.

Yangi 8700A nafas oldirish apparati esa jarrohlik amaliyotining xavflilik darajasini kamaytirib, sifatini oshirmoqda. Bemorlarni jarrohlik amaliyotidan keyin asoratsiz o‘z holiga qaytishga yordam berayotir.

MT 300A rusumli mexanik operatsiya stoli, TMI NEX 5x5 rusumli operatsiya lampasi kabi tibbiy jihozlar jarrohlik amaliyoti vaqtining qisqarishiga, bemorlar salomatligining qisqa fursatda tiklanishiga qulay bo‘lmoqda.  

Shifoxona faoliyati uchun xarid qilingan yangi AXION uch kanalli portativ EKG apparatining afzalligi esa uning uch kanalli ekanligida, shuningdek, EKG xulosalarini to‘liq o‘qishga qulay, tejamkor va aniqligi bilan tibbiyot xodimlariga ham, bemorlarga ham manzur bo‘layotir.

– Mazkur tibbiy uskunalar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda Sog‘liqni saqlash xizmati rahbariyatining bevosita homiyligida xarid qilinib, shifoxona ish faoliyatida keng foydalanilmoqda, – deydi M.Boyboboyev. – Ahamiyatlisi, yangi tibbiy jihozlar tufayli shifoxonamizda tibbiy xizmatning sifati yaxshilanib, aholi soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada oshdi. 

Taʼkidlash lozimki, hozirda shifoxonada mazkur zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ishlaydigan tibbiyot xodimlarining ham bilim va malakasini oshirishga eʼtibor qaratilib, yangi davolash texnologiyalarini joriy etishni yana-da kengroq yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI