Temir yo‘l sohasida mehnat qilgan faxriylar doimiy qadr va eʼtiborda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini taʼsis etish to‘g‘risida”gi 3133-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi qaroriga asosan 2021 yilning 19 aprel kuni mamlakatimiz vazirlik va tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab nuroniylar “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan edi.
Quvonarlisi, ular orasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tavsiyasi bilan uzoq yillar davomida temir yo‘l sohasida mehnat qilib, pensiyaga chiqqan 7 nafar nuroniy ham “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi. 2021 yilda Jamiyat rahbariyati tomonidan ularning 6 nafariga nufuzli mukofotlar tantanali tarzda topshirilgan bo‘lsa, istiqlol yillarida yurtimiz temir yo‘llarining rivojlanishiga, sohadagi muhim va strategik jihatdan zarur bo‘lgan buyuk bunyodkorliklarning qurilishiga munosib hissa qo‘shgan ustoz temiryo‘lchi, uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan va hozirda pensiyada bo‘lgan Baxoldin Vladimir Yakovlevich xorijda bo‘lganligi sababli unga ushbu mukofot hali topshirilmagan edi.
Yaqinda Baxoldin Vladimir Yakovlevich Toshkentga keldi va u joriy yilning 8 fevral kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga taklif etilib, Jamiyat rahbariyati tomonidan unga mamlakatimiz temir yo‘llari sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgani uchun “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni tantanali tarzda topshirildi.
Taqdirlash marosimida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari v.b. Akmal Kamalov hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Qutlimurat Sabirov ishtirok etishdi va Vladimir Baxoldinga tarmoq rahbariyati nomidan uzoq-umr, sihat-salomatlik hamda yurtimiz temir yo‘llarining taraqqiy etishiga qo‘shgan munosib hissasini eʼtirof etgan holda katta minnatdorchilik bildirishdi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati soha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan nafaqadagi V.Baxoldinni har doim moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini aytib o‘tishdi.
Baxoldin Vladimir Yakovlevich 1950 yilda Qozog‘iston Respublikasining Qizilo‘rda shahrida temiryo‘lchilar oilasida tavallud topgan. Bolaligidayoq oilasi bilan Toshkentga ko‘chib kelishgan va maktabni tugatib 1968 yilda hozirgi Toshkent davlat transport universitetiga o‘qishga kirgan. Temir yo‘ldagi ilk ish faoliyatini 1970 yilda “Toshkent yuk” stansiyasida boshlagan. 1973 yilda universitetni bitirib, harbiy xizmatga borib keldi. Shundan so‘ng “Toshkent yuk” stansiyasida dispetcher va bosh muhandis lavozimlarida mehnat qildi.
Yillar davomida tarmoqning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatib, tajriba va malaka oshdi, rahbarlik lavozimlarida ham mehnat qildi. 1998 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ushbu lavozimda 2009 yilgacha faoliyat ko‘rsatib, nafaqaga chiqdi.
– Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida temir yo‘l uchun juda muhim bo‘lgan tarixiy qurilish davrida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatish nasib etdi, – deydi Baxoldin Vladimir Yakovlevich. – Navoiy – Uchquduq – Sulton-Uvaystog‘ hamda Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on kabi yangi temir yo‘l yo‘nalishlarini qurishda faol ishtirok etdim. Mehnat faoliyatim davomida ko‘plab shogirdlar tayyorladim, farzandlarim ham ota kasbni tanlab, shu yo‘nalishdan ketishdi. Men hozir 71 yoshdaman. Temir yo‘l sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘plab shogirdlarim yo‘qlab turishadi, ularga uzoq yillik tajribamdan kelib chiqib zarur maslahatlarimni berib turaman. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati ham har yili bayram sanalarida eslab, tabriklab turishadi. Moddiy va maʼnaviy jihatdan doim qo‘llab-quvvatlab turishadi. Bundan juda xursandman va Jamiyat rahbariyatidan minnatdorman.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI