“TEMIRYO‘L-SUG‘URTA” aksiyadorlik jamiyati 20 yoshda
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan 2002 yil aprel oyida tashkil etilgan “TEMIRYO‘L-SUG‘URTA” kompaniyasi hozirgi kunda O‘zbekistonning eng barqaror rivojlanib kelayotgan sug‘urta kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Mana 20 yildirki, kompaniya “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va tassarufida bo‘lgan korxona va tashkilotlar xodimlari manfaatlarini ishonchli himoya qilib kelmoqda. Kompaniya respublikamizning barcha mintaqalarida o‘z filiallari va bo‘linmalariga ega bo‘lib, mijozlarga keng ko‘lamdagi ixtiyoriy va majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Bugungi kunda “TEMIRYO‘L-SUG‘URTA” kompaniyasi o‘tgan 20 yil davomida nafaqat respublika sug‘urta bozorida, balki xalqaro sug‘urta va qayta sug‘urta bozorlarida ham o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli rivojlantirib kelayotgan kompaniyalardan biri. Kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va ishonchliligi “Standart & Poors” xalqaro reyting kompaniyasining “V+”, “Barqaror” hamda “Ahbor-Reyting” milliy reyting agentliklarining “UzA++”, “Eng yuqori moliyaviy barqarorlik” darajasi bilan tasdiqlangan.
Ko‘p yillik tajriba, yuqori malakali mutaxassislar, ISO 9001-2015 xalqaro sifat standartining talablari joriy etilib, unga rioya qilinishi, mijozlarga individual yondashuv kompaniyaning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi” bo‘lib kelmoqda. Rivojlanishning mantiqiy davomi sifatida hamda mijozlarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, hozirda sug‘urta xizmatlarini taqdim etishda raqamli texnologiyalardan keng foydalanilib, onlayn-sotuv platformalarini keng yo‘lga qo‘yish ustida faol ishlar olib borilmoqda. Bu esa pirovard natijada mijozlarimizning ehtiyojlarini to‘liq qoplash, ularning istak va xohishlariga mos xizmatlar ko‘rsatishga hamda ularni muntazam ravishda rivojlantirishga olib kelayapti.
Bunday yutuqlar kompaniya ta’sischilarining doimiy ko‘magi, xodimlarning xolislik, halollik hamda doimiy o‘sishga intilish tamoyillariga asoslangan tarzda mijozlar bilan teng va adolatli sharoitda biznes yuritishni o‘zida mujassam etgan holda amalga oshiriladi. Uzoq yillik tajribalar shuni ko‘rsatadiki, mijozlar sug‘urta kompaniyasidan, birinchi navbatda, tariflarni adolatli belgilash va sug‘urta hodisalarini xolisona ko‘rib chiqib, hal etilishini talab qilishadi. Mazkur kompaniya, eng avvalo, o‘zining iste’molchilari o‘rtasidagi munosabatlarida shaffoflik va ishonchlilik hamda halollik va professionallik bilan ularni jalb etish borasida eng qulay shart-sharoitlarni yaratayapti.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, 2022 yil 25 fevral kunidan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq 2022 yil fevral oyidan boshlab, “TEMIRYO‘L-SUG‘URTA” kompaniyasi “TEMIRYO‘L-SUG‘URTA” aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilib, ustav jamg‘armasi 50 milliard so‘mga yetkazildi.
Hozirgi kunda kompaniya mijozlariga, ya’ni jismoniy va yuridik shaxslarga respublikada mavjud bo‘lgan sug‘urtaning barcha 17 klassi bo‘yicha 80 dan ortiq turlarini taklif etmoqda.
Kompaniyaning malakali xodimlari o‘ziga xos murakkab sug‘urta turlarini, ya’ni energetik qaltisliklar, qurilish-montaj ishlaridagi og‘ir vaziyatlar, kasbiy majburiyatlar sug‘urtasi bilan bir qatorda odatiy sug‘urta turlari bo‘lgan va respublikada ko‘p talab qilinadigan majburiy hamda ixtiyoriy sug‘urta turlarini taklif etishmoqda. Ayniqsa, temir yo‘l korxonalarida xizmat qilayotgan xodimlar, ya’ni jismoniy shaxslar uchun har bir mijozning talabidan kelib chiqqan holda alohida sug‘urta dasturlari taklif etilmoqda.
Transport vositalari egalarini fuqarolik javobgarligining majburiy sug‘urtasi (TVE FJMS) bo‘yicha “onlayn” sotuv yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa mijozlar mustaqil ravishda kompaniya ofisiga murojaat qilmasdan turib, sug‘urta xizmatidan foydalanishi mumkin. Shuningdek, mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida boshqa sug‘urta turlari bo‘yicha ham elektron sotuvlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha jamiyat mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda ish olib borilayapti.
O‘ylaymizki, “TEMIRYO‘L-SUG‘URTA” kompaniyasi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, qolaversa, boshqa ta’sischilar o‘rtasidagi mavjud manfaatli hamkorlik uzoq yillar mobaynida davom etadi va yanada mustahkamlanib boradi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI