Joylarda mehnat muhofazasini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida
Yurtimizda har bir korxona va zavodlarda, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritib kelayotgan ishchi-xodimlarning, eng avvalo, mehnat sharoitlaridagi xavfsizligi hamda ularning salomatligi muhim omillardan. Bu borada “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratilib, har bir temiryo‘lchining hayoti va salomatligi doimiy e’tiborga olinishi bilan birga kasb kasalliklariga chalingan mutaxassislarning ham mehnati qadrlanadi.
Ayni paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2022 yil 6 apreldagi buyrug‘iga asosan tarmoq korxonalarida 12 apreldan 11 mayga qadar “Mehnat muhofazasi” oyligi o‘tkazilmoqda.
Buni birgina “Andijon mexanika zavodi” shoʻba korxonasi misolida olib qaraydigan bo‘lsak, u yerda mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, shu o‘tgan besh yil davomida korxonada mehnat muhofazasi bo‘yicha texnika xafsizligiga oid jihozlarning o‘rnatilishi 60 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich bugungi kunga kelib, 130 foizga bajarilganligini ko‘rishimiz mumkin. Zavodda faoliyat yuritib kelayotgan 1 ming 65 nafar temiro‘ylchiga kerakli bo‘lgan barcha mehnat xafsizligi anjomlari o‘z vaqtida berib borilmoqda. Har bir syexda mehnat xafsizligi burchagi tashkil etilgan bo‘lib, unda xavfsizlik qoidalari birma-bir fotosuratlar ko‘rinishida aks ettirilib, bu vaziyatda qanday yondashish lozimligi batafsil tushuntirib o‘tilgan.
Shuning asnosida har bir ishchi-xodimga ish boshlashidan oldin o‘rta bo‘g‘in rahbarlari tomonidan mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalari tushuntirilib, unga nechog‘li amal qilinishi ham nazoratga olinayotir. Shu bilan birga ishchi-xodimlarning o‘z ustida ishlab, o‘qib o‘rganishlari uchun mehnat xafsizlik xonasi hamda ularga qulaylik yaratish maqsadida mobil telefonlarida “xafsizlik qoidalari ilovasi” ishga tushirilgan. Zararli sharoitda mehnat qilayotgan temiryo‘lchilarga sut va sut mahsulotlari muntazam berilib borilmoqda.
Buning natijasida zavodda barcha turdagi vagonlarni hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni sifatli ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Korxonada temiryo‘lchilarning mehnati, g‘ayrat va shijoati bilan neft mahsulotlarini tashuvchi hamda yarim ochiq yangi yuk vagonlari qurish, yopiq va yarim ochiq vagonlarini kapital ta’mirlash yo‘li bilan xizmat muddatini 5, 11 va 16 yilga uzaytirish, syement va mineral o‘g‘itlar tashuvchi vagonlar, platformalarni ta’mirlash va modernizasiya qilish orqali modelini o‘zgartirish, respublikaning korxona va vazirliklari uchun esa metall konstruksiyalar va import mahsulotlari o‘rnini bosuvchi 200 dan ortiq turdagi ehtiyot qism va mahsulotlar ishlab chiqarish amalga oshirilmoqda.
Zavodda o‘tgan 2021 yil davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalari uchun 130 miliard 239 million so‘mlik, shuningdek, hamkorlikda ishlab kelayotgan boshqa bir qancha mijozlarga 76 milliard 393 million so‘m, shu jumladan, 201 milliard 814 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilganini ko‘rishimiz mumkin. Mazkur ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi o‘tgan 4 yilga nisbatan 525,8 foizga ko‘payganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
– Ayni damda zavodimizda yil davomida 7 xil turdagi 621 dona yangi yuk vagonlari ishlab chiqarish quvvatiga ega ekanligini alohida qayd etish joiz, – deydi “Andijon mexanika zavodi” shoʻba korxonasi direktori Z.Ayubjanov. – Jumladan, neft mahsulotlari tashishga mo‘ljallangan vagon-sisterna 122 dona, yarim ochiq vagon 200 dona, oltingugurt kislotasi tashish uchun mo‘ljallangan vagon-sisterna 75 dona, suyultirilgan gaz tashish uchun vagon-sisterna 60 dona, nitrat-ammoniy tashish uchun mo‘ljallangan vagon-sisterna 24 dona, mineral o‘g‘itlar tashish uchun mo‘ljallangan vagon 50 dona, shu bilan birga xopper-dozator vagon 40 donani tashkil etmoqda. Bu vagonlarning ishlab chiqarilishida kamarbasta bo‘lib kelayotgan har bir ishchi-xodimning xavfsizligini ta’minlash doimo diqqat-e’tiborimizda. Ayniqsa, ko‘p yillardan buyon ishlab kelayotgan temiryo‘lchilarga yoshlarni biriktirgan holda ish tashkil etilmoqda. Har qalay, bu mutaxassislar o‘zining uzoq yillik boy tajribasini yosh kadrlarga o‘rgatishlari barobarida texnika xavfsizligi qoidalariga mas’ul sifatida ham ishni tashkil etishda ko‘maklashmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, temiryo‘lchilar xavfsizligi ta’minlangan “Andijon mexanika zavodi” shoʻba korxonasida erishilgan yutuqlar talaygina. Xavfsizlik qoidalariga amal qilib, mehnat qilib kelayotgan har bir ishchi-xodim nafaqat hayotini, balki salomatligini asrashga va bu orqali zavodda ishlab chiqarish hajmining kun sayin o‘sishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI