Umumxalq xayriya hasharida temiryo‘lchilar faol ishtirok etishdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi 199-F sonli farmoyishiga asosan 2022 yil 30 aprel – shanba kuni mamlakatimizning barcha hududlarida “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” shiori bilan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazilishi belgilangan edi.

Shu munosabat bilan 30 aprel kuni erta tongdan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va respublikamizning barcha viloyat, shahar hamda tumanlaridagi mintaqaviy temir yo‘l uzellarida, korxona va tashkilotlarda, vokzal, stansiya, tibbiyot hamda o‘quv muassasalarida obodlik tadbiri ko‘tarinki ruhda boshlandi. Shu kuni fidoyi temiryo‘lchilar  faoliyat ko‘rsatadigan korxonalarini obod va ozoda qilish uchun yeng shimarib mehnat qilishdi.


Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyabi boshqaruv binosida 1 ming 360 nafar soha xodimlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, obodlik hasharida ularning 1 ming 100 nafarga yaqini faol ishtirok etib, o‘zlariga biriktirilgan hududlarni obod qilishdi. Daraxtlar oqlandi, ariq va zovurlar chiqindilardan tozalandi, yo‘laklar esa yovvoyi o‘tlardan tozalandi, to‘siqlar  bo‘yaldi, binolar va xonalar tartibga keltirilib, keraksiz jihozlar, qog‘ozlardan tozalandi. 
“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi korxona va stansiyalarda ham obodonlashtirish, tozalik hamda umumxalq xayriya hashari munosib o‘tkazildi va barcha ishchi-xodimlar ko‘tarinki kayfiyatda ishtirok etishdi. Shu kuni uzelning yon-atrofi ko‘rkam holga keltirib, obodonlashtirildi. Daraxtlar oqlanib, ariq va zovurlar chiqindilardan tozalandi.
“Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi Hududiy kasaba uyushma qo‘mitasi tasarrufidagi 25 ta korxona, tashkilot va muassasalarda ham obodonlashtirish va tozalash ishlari o‘tkazildi va unda 7 ming 350 nafar temiryo‘lchi faol ishtirok etdi. Obodlik hasharida uzelning barcha korxona, tashkilot va muassasalari hududidagi 1 ming 530 ta daraxt oqlandi va ularga shakl berildi. Gul ko‘chatlari ekilib, hududlar ko‘rkam holatga keltirildi. 
“Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi stansiya va vokzallarda, tashkilot hamda korxonalarda uch mingga yaqin temiryo‘lchi qatnashib, o‘n gektar yer maydoni obodonlashtirildi. Korxona va tashkilotlardan qirq tonnaga yaqin maishiy hamda qurilish chiqindilari olib chiqildi, to‘rt yarim ming metr ariq va zovurlar tozalandi. Temiryo‘lchilar tomonidan korxonalar hududlari bilan birga ko‘chalar ham obodonlashtirildi.
“Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi  150 ga yaqin bino obodonlashtirildi, 9 ming 450 metr ariq va zovurlar turli chiqindilardan tozalandi. Hududlardagi 1 ming 600 gul, 2 ming 400 ga yaqin  mevali va manzarali ko‘chatlarga shakl berildi. Hashar davomida to‘plangan maishiy chiqindilarni tashib ketish uchun maxsus texnika va transport vositalari jalb etildi.

“Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida hashar munosabati bilan bir mingdan ortiq temiryo‘lchi erta tongdan syex va depolarga, korxona va tashkilotlarga yo‘l oldi. Shu kuni uzel tasarrufidagi korxona va tashkilotlarda besh ming kvadrat metr yer maydoni o‘n tonna chiqindidan tozalandi, 200 kvadrat metr yer maydonidagi gazonga shakl berildi, 1500 kvadrat  metr notekis yer tekislandi, yigirmata suv o‘tkazgich, ikkita hovuz tozalandi. 3 mingga yaqin mevali va manzarali daraxtlar hamda 4 ming 200  kvadrat metr devor oqlandi.
“Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida mehnat qilayotgan temiryo‘lchilar ham tadbir bahonasida ulkan obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdilar. Ko‘cha va yo‘l bo‘yidagi suv quvurlari tozalanib, yon-atrof tartibga keltirildi. Yerlarga ishlov berildi, o‘tish yo‘laklari va binolar atrofi tozalandi. Unda uzelning barcha korxona-tashkilotlari, stansiyalarida mehnat qilayotgan temiryo‘lchilar faol ishtirok etishdi.

Muxtasar qilib aytganda, Jamiyat tasarrufidagi har bir korxonada “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq hasharida faol ishtirok etgan temiryo‘lchilar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning yanada obod bo‘lishi va ko‘kalamzorlashtirilishi yo‘lida yuzlab, minglab guz ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekib, mavjud daraxtlarga ishlov berib, hududlarni obod bo‘lishiga munosib hissa qo‘shishdi. 

50 mingdan ortiq temiryo‘lchi ishtirok etgan umumxalq xayriya hasharini o‘tkazishda tibbiy-sanitariya hamda karantin qoidalariga qat’iy amal qilindi. Umumxalq  hasharidan tushgan mablag‘lar barcha mintaqaviy temir yo‘l uzellari, korxona, markaz, direksiya, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning ixtiyoriy mablag‘lari “Mahalla” xayriya jamg‘armasining bankdagi hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI