Barqaror transport masalalari muhokama qilindi

Toshkent davlat transport universitetida “Barqaror transport tizimlari – barqaror iqtisodiyot uchun” mavzusida xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Unda kirish so‘zi bilan universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor S.S.Shaumarov ishtirok etdi. Shuningdek, anjumanning ochilish marosimida “O‘zbekiston temir yo‘llari” Logistikani rivojlantirish va raqamlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i U.N.Ibragimov, Belarus davlat transport universiteti rektori Y.I.Kulajenko, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “O‘zavtotranstexnika” Ilmiy ishlab chiqarish markazi bo‘lim boshlig‘i M.B.Abidov, Abilkas Saginov nomidagi Qarag‘anda texnika universiteti “Sanoat transporti” kafedrasi mudiri B.Sh.Askarov, Toshkent davlat transport universiteti “Transport logistikasi” kafedrasi mudiri G‘.A.Samatovlar bugungi kundagi transport sohasidagi dolzarb mavzular bo‘yicha ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Tadbir yalpi va sho‘ba yig‘ilish ko‘rinishlarda tashkil etildi. Jami 100 dan ortiq maqola va tezislar taqdim etilib, shundan 30 tasi xorijiy olimlar tomonidan bayon etildi. Ta’kidlash joiz, anjumanning asosiy maqsadi – fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash, Respublika transport kompleksida faoliyat olib boradigan mutaxassislar va olimlarni tayyorlash, erishilgan natijalar bo‘yicha tajriba almashish, transport logistikasining eng dolzarb ilmiy va amaliy muammolarini muhokama qilish hamda iqtisodiyotning turli sohalarida transport logistikasi jarayonlarini takomillashtirish asosida resurslar oqimini optimallashtirish bilan bog‘liq kompleks ilmiy-amaliy yechimlarni ishlab chiqishdan iborat.

Sho‘ba yig‘ilishlar intellektual transport tizimlari, transport logistikasi, transportda tashish jarayonlarini boshqarish, texnosferada risklar, transportda xavfsizlik va ekologiya masalalari, iqtisodiyot sohalarida innovatsion texnologiyalar kabi mavzularda tashkil etildi. Ishtirokcilar transport logistikasining ilmiy va amaliy muammolarini hal qilish bo‘yicha tajriba almashish, transport logistikasi va yetkazib berishlar zanjirini boshqarishning dolzarb masalalarini muhokama qilish, transport va logistika sohasida tadqiqotchilar va mutaxassislar tomonidan olingan ilmiy natijalarni tahlil qilish, ular asosida vakolatli davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari uchun tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish kabi masalalar ko‘rib chiqildi, tegishli xulosa va takliflar bildirildi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI