Press-tur: “Afrosiyob”larga xizmat ko‘rsatish markazi jurnalistlar uchun o‘z eshiklarini ochdi

Bugun, 26-may kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Axborot-tahliliy media markazi tomonidan Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlariga servis xizmat ko‘rsatish markaziga press-tur tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari zamonaviy depo faoliyati bilan yaqindan tanishish, tor doiradagi mutaxassislar bilan muloqot qilish, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarga servis va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarining barcha bosqichlari bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldi. 

Markaz mutaxassislari tomonidan mazkur ob'ekt 2018-yil 12-iyulda tashkil etilgani va nima uchun bunga ehtiyoj paydo bo‘lgani hamda bu yerda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarga servis va texnik xizmat ko‘rsatish ta’minlanish jarayonlari haqida atroflicha ma'lumot berildi. 

Ta'kidlash joiz, zamonaviy deponing loyiha-qurilish ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli bo’lib tarkibiy bo‘linmalar mutaxassislari hamda Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.U.” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida bu yerda zarur bo‘lgan zamonaviy jihoz va uskunalar, xususan, lokomotivlar g‘ildirak juftliklarini yo‘nish dastgohi, vagonlarining g‘ildirak juftliklarini almashtirish qurilmasi, tok qabul qilguvchi (pantograf) uskunasini nazorat qilish qurilmasi, lokomotiv aravachalarida joylashgan elektr qurilmalarni shuntlash mexanizmi, elektropoyezd g‘ildirak juftliklarini yechishuvchi qurilmalari hamda sovutish tizimi kondisionerlari o‘rnatiladi.

Shuningdek, bu yerda 10 tonnalik ikkita va 15 tonnalik ikkita kran ham mavjud. Asosiy binoda ikki qavatli ma’muriy bo’lim ham joylashgan. Shuningdek, bu yerda, Markazning “yuragi” hisoblanmish, poyezdlar harakatini onlayn monitoring qilish dispetcherlik markazi joylashgan. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarini boshqarish uchun mashinistlar va ularning yordamchilarini tayyorlash markazi ham mavjud. Bugungi kunda Markaz xodimlarining umumiy soni 110 nafarni tashkil etadi. Elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatishning butun sikli (yaxlit jarayonini) Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.U.” kompaniyasi mutaxassislari soni esa – 39 nafarni tashkil etgan mutaxassislar bajaradi.

Jurnalistlar Markaz faoliyati va poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatishning har bir bosqichi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Xususan, ular markazning o‘zida ham, muhim ob’yektlardan biri, ya’ni Markazning “yuragi” hisoblanmish – Afrosiyob poyezdlarini harakatini onlayn monitoringi olib boriladigan boshqaruv xonasi bilan ham tanishdilar.  Qayd etish joizki, “Afrosiyob”yuqori tezlikda harakatlanuvchi  yo‘lovchi elektropoyezdlari dispetcherlik xizmatlari serverlariga ma’lumotlarni jo‘natadigan zamonaviy GPS/GLONASS trekerlari bilan jihozlangan. Ushbu texnologiya real vaqtda elektr poyezdlarining harakatini kuzatish imkonini beradi, ilgari esa yo’nalish haqidagi ma’lumotlarni elektropoyezd depoga qaytganidagina va “qora quti”ni tekshirish orqali bilish imkoniga ega bo‘lar edi.  Shu bilan birga, onlayn monitoring dispetcherlik markazi mashinist haqidagi to'liq ma'lumotga ega bo'lish imkoniga egadir, aniqrog'i, uning ishi, tajribasi va haydash usuli haqidagi ma'lumotlar shu jumlasidandir.

Bugungi kunda yurtimizda ushbu modifikasiyadagi elektropoyezdlar soni oltitani tashkil etadi. Bundan 11 yil ilgari, aniqrog‘i 2011 yilda yurtimizga birinchi yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi olib kelingan bo‘lib dastlab Toshkent va Samarqand o‘rtasida harakatlana boshladi. Poyezd VIP-, Biznes- va Ekonom-toifadagi vagonlar shuningdek Bistro-vagonlaridan tashkil topgan. Poyezd soatiga 230 km tezlikgacha harakatlanadi. (texnik imkoniyatlar soatiga 250 km.ni tashkil etadi) va Toshkentdan Samarqandgacha 2 soat 08 daqida (330 km), Buxorogacha 3 soat 51 daqida (580 km), Qarshigacha 3 soat 21 daqida (490 km) va Shahrisabzgacha 04 soat 26 daqiqada (610 km) masofani bosib o‘tadi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan sermazmun muloqotda barcha savollarga javob olib, o'zlarining nashrlari va videoreportajlari uchun  ko'plab qiziqarli ma'lumotlarga ega bo’ldilar.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI