Temir yo‘lda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha taktik o‘quv mashg‘uloti

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan Urganch temir yo‘l vokzali hududida tashkil qilingan “Yong‘in o‘chirish  amaliy sport  musobaqasi” mavzuida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda “O‘zbekiston  temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda  vaziyatlar vazirligi rahbariyati tomonidan 2022 yil 15 aprel kuni tasdiqlangan Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi FVV O‘ta muhim, toifalangan va qo‘riqlanadigan obyektlarda yong‘in xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan  asosiy tadbirlar  rejasiga muvofiq o‘tkazildi.  Asosiy maqsad Harbiylashtirilgan qo‘riqlash  boshqarmasi tasarrufida faoliyat olib borayotgan soha vakillarini har tomonlama malaka va tajriba almashishlarini  taʼminlashga, obyektlarda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda shaxsiy tarkibning kasbiy mahoratini oshirish, yong‘in o‘chirish amaliy sportini ommalashtirish va sportchilarning jismoniy tayyorgarligini  oshirishdan iboratdir.

Maʼlumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda boshqarma tasarrufida  9 ta harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadlari mavjud bo‘lib, shundan 7 tasida  hududiy  yong‘in o‘chirish bo‘linmalari faoliyat olib bormoqda.  Yong‘in o‘chirish  amaliy sport musobaqasining respublika bosqichida  mazkur bo‘linmalardan jami 50  nafarga yaqin  mutaxassis ishtirok etdi.

Xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilingan holda tashkil etilgan ushbu amaliy sport musobaqasida ishtirokchilar 5 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Hakamlar hayʼati musobaqa shartlarini bajargan har bir ishtirokchining natijalarini baholashda, eng avvalo ishtirokchining tezkorligi  hamda  musobaqa shartlarining sifatli bajarilishi, shuningdek, ishtirokchining jismoniy tayyorgarligiga alohida eʼtibor qaratdilar.

Do‘stona va juda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan ushbu amaliy sport tadbirida musobaqa kubogi hamda faxrli birinchi o‘rinni «Qamchiq» harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi  jamoasi, ikkinchi o‘rinni “Buxoro” harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi jamoasi, uchinchi o‘rinni “Toshkent” harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi jamoasi qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarga va musobaqada yaxshi ishtirok qilgan xodimlarga Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi hamda kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar hamda diplom, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi FVV O‘ta muhim, toifalangan va qo‘riqlanadigan obyektlarda yong‘in xavfsizligi boshqarmasi rahbariyatining faxriy yorliqlari topshirildi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI