Bolalar dam olish oromgohlari mavsumga tayyor
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi oltita bolalar dam olish oromgohlarida temiryo‘lchilar farzandlarini 2022-yilgi yoz mavsumini maroqli o‘tkazishlari uchun tayyorgarlik ishlari yakuniga yetdi.
Ta’kidlash joiz, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv rahbariyati hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining 2022 yilning 10 martdagi “Bolalarni 2022-yil yoz mavsumida sog‘lomlashtirishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi yig‘ilish qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari tashkil etildi va barchasi to‘liq amalga oshirildi.
Oromgohlarda bolalar va xodimlarning xavfsizligini taʼminlash, salomatligini muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena hamda karantin talablariga rioya qilish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratildi. Buning uchun Aksiyadorlik jamiyati tomonidan yetarli mablag‘lar ajratildi. O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Qutlimurat Sabirov boshchiligida tuzilgan ishchi guruhi aʼzolari dam olish oromgohlarini yozgi mavsumga tayyorlash jarayonini ko‘zdan kechirish, mavjud kamchiliklarni aniqlagan holda bartaraf etish uchun tizimdagi “Qibray”, “Yangi avlod”, “Burchi-Mullo”, «Alovuddin», “Temiryo‘lchi” bolalar oromgohlariga hamda “Qo‘ng‘irot” sanatoriy-profilaktoriysiga tashrif buyurib, quruvchilar va mutaxassislarga zarur ko‘rsatmalar berdi. Xususan, tarmoq rahbariyati tomonidan bu yilgi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida oromgohlardagi shinam turar joylar, dam olish va ovqatlanish xonalari, qiziqarli adabiyotlar, gazeta va jurnallarga boy kutubxona, cho‘milish havzasi hamda turli sport maydonchalari bolajonlar uchun hozirlandi. Binolarda profilaktik dezinfeksiya o‘tkazish choralari ko‘rildi. So‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan oromgohlarda farzandlarimiz uchun barcha shart sharoitlar muhayyo qilindi. Bu esa o‘quvchi yoshlarning maroqli dam olishi, salomatligini mustahkamlanishi, sport bilan shug‘ullanishi, o‘z qiziqishi, layoqati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishi uchun yana bir imkoniyat yaratildi, deganidir.
Yuqorida keltirilgan oromgohlarda temiryo‘lchilar hamda transport quruvchilari ishchi-xodimlarining 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 5 ming 420 nafar o‘g‘il qizini 12 kundan dam olishi va sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, olis hududlarda istiqomat qiladigan temir yo‘l xodimlarining farzandlariga temir yo‘l tizimida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari mavjud bo‘lmaganligi sababli o‘z hududlarida joylashgan oromgohlariga 680 ta yo‘llanma xarid qilinishi ko‘zda tutilgan. Maʼlum bo‘lishicha, bu yilgi mavsumning birinchi navbati 6 iyundan boshlanib, oxirgi to‘rtinchi mavsumi 12 avgustgacha davom ettiriladi. Yaʼni 6 iyun kuni “Qo‘ng‘irot” sanatoriy-profilaktoriysida bolajonlar uchun yozgi taʼtilning birinchi navbati boshlanadi. 18 iyun kuni «Alovuddin», 16 iyunda “Qibray” hamda 17 iyun kuni esa “Yangi avlod” hamda “Burchi-mullo”, 23 iyundan esa “Temiryo‘lchi” bolalar ormogohida birinchi mavsum boshlanadi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI