“Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan temiryo‘lchi ayollarga sayohat tashkil etildi

O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti hamda “Temir yo‘l kasaba servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan sharoiti o‘ta og‘ir bo‘lgan 42 nafar ayol uchun qadimiy Xiva shahriga sayohat uyushtirildi.

“Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzalidan maxsus ajratilgan vagonlarga barcha ayollar joylashib, qadimiy Xiva shahri tomon yo‘l olindi. O‘sha kuni ularning qalbidagi his-hayajonni yuz-ko‘zlaridan anglash mumkin edi. Vagon bo‘ylab aylanib, ayollardan hol-ahvol so‘rab yurganimizda vagon o‘rindig‘ining bir chetida o‘tirgan “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati farroshi Zulayho Husanovaga ko‘zimiz tushdi. Uni suhbatga chorladik.

– Turmush o‘rtog‘imning vafotidan so‘ng uch nafar farzandimni o‘zim tarbiyalab kelmoqdaman, – deydi Zulayho opa. – O‘ylab qarasam, shu kungacha biror marta ham bunday poyezdga chiqmagan va bu kabi qadimiy shaharlarga sayohat va ziyorat uchun bormagan ekanman. Biz, ayollarni qadrlab, o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni yanada orttirishda ko‘makdosh bo‘layotgan temir yo‘l rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Tizimda o‘z mablag‘idan sayohat qilishga imkoniyati yo‘q ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularga har jihatdan moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, og‘irini yengil qilish borasida temir yo‘l rahbariyati tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lishi mumkin.

– Go‘yoki, o‘zimizni xorijdan kelgan sayyohlardek his etayapmiz, – deydi Andijon bekati birlashgan shifoxonasi hamshirasi Fazilat Rasulova. – To‘g‘risini aytsam, qalbim olam hayajonga to‘lgan. Bunday qadimiy shaharlarga bir kun boraman, avlod va ajdodlarimiz yashab o‘tgan qadimiy binolarni, osori-atiqalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘raman deb sira ham o‘ylamagan edim. Qolaversa, turmush tashvishlaridan orttirib, bunday qadimiy shaharlarga chiqishning sira ham iloji yo‘q. Ikki nafar farzandimni yakka-yolg‘iz o‘zim ishlab, tarbiyalamoqdaman. Ularni hamon o‘qib, bilim olishga, xorijiy tillarni mukammal o‘rganishga, ayniqsa, O‘zbekiston tarixini yaxshi bilishga chorlayman. Bu sayohatdan o‘zimga kerakli bo‘lgan ko‘pgina ma’lumotga ega bo‘ldim, farzandlarimga ham borishim bilanoq so‘zlab berish niyatidaman.


Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI