Yo‘lsozlar uchun zamonaviy bino barpo etildi

“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi Salar temir yo‘l masofasining “Chuqursoy” stansiyasidagi jo‘natish parki 7-dahasida yo‘lsozlar uchun yangi va zamonaviy bino barpo etilib, foydalanishga topshirildi.

Ta’kidlash lozimki, “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi va Germaniyaning “KNAUF” kompaniyasi hamda O‘zbekistonning “Toshkent yangi uy” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida yo‘lsozlar uchun qisqa muddatda barpo etilgan ushbu bino yengil yig‘ma konstruksiyali, tez quriladigan innovasion qurilish mahsulotlaridan foydalangan holda nemis arxitekturasi va texnologiyalari asosida amalga oshirildi.

Qariyb 200 kvadrat metr hududda barpo etilgan inshootda uzunligi 10 metr, eni 2 metrlik yo‘lak, 20 nafar yo‘lsozlarga mo‘ljallangan o‘quv amaliyoti xonasi hamda yotoqxona, yo‘l ustasi uchun alohida xona, ovqatlanish, kiyinish va yuvinish xonalari, shuningdek, yo‘llarni ta’mirlash uchun ishlatiladigan texnik ish qurollari omborxonasi mavjud Yangi binoning tantanali ochilish tadbirida “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbariyati, “KNAUF” kompaniyasi mutaxassisi Torsten Shubert, “Toshkent yangi uy”mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Jamshid Nurmuhammedov hamda Salar temir yo‘l masofasi mutaxassislari, yo‘lsozlar ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu zamonaviy bino qisqa fursatda barcha talablarga javob beradigan holda nemis texnologiyalari asosida sifatli qilib barpo etilgan. Bu esa qurilish loyihasining mukammalligi, shuningdek, barcha texnik jihatlarga javob berishi, qolaversa, mamlakatimizning har qanday issiq va sovuq iqlimiga mosligi bilan alohida ahamiyatga ega.

– Temir yo‘l tizimi rahbariyati doimo ishchilar mehnat sharoitlarini yaxshilash uchun yangi va zamonaviy loyihalar ustida ish olib boradi, – deydi ushbu bino qurilishida hamkorlik qilgan “Toshkent yangi uy” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Jamshid Nurmuhammedov. – “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi hamda bizning korxona hamkorligida dastlabki bino qisqa fursatda sifatli qilib qurildi. 

Bugun ushbu zamonaviy bino buyurtmachiga ham, temiryo‘lchi mutaxassislarga ham, eng muhimi bu yerdan muntazam ravishda foydalanadigan yo‘lsozlarga ham manzur bo‘ldi. E’tiborlisi, ushbu loyiha sinov tariqasida amalga oshirildi. Kelgusida bu kabi qurilmalarni yanada takomillashtirib, temir yo‘l korxonalari bilan bu borada samarali hamkorlik qilish rejalashtirilgan. “Chuqursoy” stansiyasining jo‘natish parki hududida joylashgan bo‘sh yotgan 1 ming 300 kvadrat metr hudud o‘rab olinib, uning 200 kvadrat metrida yangi bino qurilgan bo‘lsa, qolgan 1 ming 100 kvadrat metr qismi ham yashil bog‘ga aylantirildi va bu yerda yozgi oshxona ham barpo etildi. Atrofga archa va gul ko‘chatlari ekilib, ko‘rkam holatga keltirildi.

 – Salar temir yo‘l masofasi 7-dahasining hududiy uzunligi qabul qilib va jo‘natish hamda shoxobcha yo‘llaridan tashqari 3 kilometrdan iborat, – deydi Salar temir yo‘l masofasining 7-dahasi yo‘l ustasi Muhammadzoxir Sattorov. – Ushbu hududga 20 nafar tajribali yo‘l ta’mirlovchi mutaxassislarimiz bilan xizmat ko‘rsatamiz. Ayni paytda tasarrufimizdagi yo‘llarda reja asosida joriy ta’mirlash ishlari, mavsumiy tekshirishlarga tayyorgarlik ko‘rish vazifalari olib borilmoqda. Bu yerdagi mavjud yo‘lsozlar binosi o‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan bo‘lib, bugungi talabga javob bermay qo‘ygan edi. Yangi barpo etilgan maskan esa rivojlangan Yevropa davlatlari temir yo‘llarinikidan aslo qolishmaydi. Binoda har bir jihat e’tiborga olingan. Keng, yorug‘ dam olish va o‘quv amaliyoti xonalari, barcha talablarga javob beradigan kiyinish va yuvinish hamda ovqatlanish xonalari yangi mebel jihozlari, sovitgich va muzlatgich hamda zamonaviy televizorlar bilan ta’minlangan.

Ayniqsa, o‘quv amaliyoti xonasi sohaga oid harakat xavfsizligi, mehnat muhofazasi o‘quv qo‘llanmalari va yo‘riqnomalari bilan to‘ldirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, “Chuqursoy” stansiyasining jo‘natish parki hududida xorij kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy va barcha sharoitlarga ega yo‘lsozlar binosining qurib berilishi sohada bu yo‘nalishga berilayotgan e’tiborning bir ko‘rinishidir. Kelgusida bu kabi loyihalarni tizimning boshqa yo‘nalishlarida ham tadbiq etilishi rejalashtirilgan.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI