“Ilg‘or tajriba maktabi” loyihasi doirasida seminar-trening o‘tkazildi

“Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Qarshi elektr ta’minoti korxonasining Qashqadaryo kontakt tarmog‘i bo‘limida “Ilg‘or tajriba maktabi” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Tolipov, “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbariyati hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarda bugungi kunda temir yo‘l tizimida sodir etilayotgan baxtsiz hodisalarning deyarli barchasi ishchi-xodimlarning ehtiyotsizligi oqibatida hamda tajriba va amaliyotning yetarli darajada emasligidan sodir etilayotganini ta’kidlandi. Shuningdek, oqibati o‘lim bilan tugayotgan baxtsiz hodisalar uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan tajribali mutaxassislar o‘rtasida ham uchrayotganini afsus bilan tilga olindi. Bu jarayonda sohada uzoq yillar davomida mehnat qilganiga yoki kecha ishga qabul qilingan kadr bo‘lishidan qat’iy nazar ehtiyotkor bo‘lishi lozimligi aytib o‘tildi.

– Seminar-trening elektrlashtirilayotgan liniyalarda xavfsiz ish sharoitlarini yaratish va bu orqali ishchi-xodimlarni malakasini yanada boyitish hamda mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni amalga oshirishda hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, shuningdek, o‘rta bo‘g‘in rahbarlarining mas’uliyatini keskin ravishda oshirishga yo‘naltirilgan, – deydi “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasining mehnat muhofazasi bo‘limi boshlig‘i L.Qurbanov. – Bu borada har oyda tizimning barcha soha va yo‘nalishlarida ishchi-xodimlar o‘rtasida bu kabi tadbirlarni tashkil etish orqali tajriba almashish va ularni bilmaganlarini yetuk mutaxassislardan “ustoz va shogird” an’anasiga muvofiq ish o‘rgatishga astoydil harakat qilinayapti. Natija ham shunga yarasha, o‘zining ijobiiy mahsulini berishi barobarida temiryo‘lchilargaxavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga erishilmoqda.

Mazkur treningda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etgan holda ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha tushuntirish berilib, amaliy jihatdan uni qanday qilib bajarilishi ham ko‘rsatib o‘tildi. Ishchi-xodimlarni ish vaqtida maxsus kiyim-bosh va himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanishlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuning barobarida elektr tokidan jarohatlanganda, ya’ni tok urganda birinchitibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ham amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirokchilar balandlikda turib, liniyalarda ish bajarishda xavfsizlik qoidalari va bu jarayonda ishni to‘g‘ri tashkil etish choralari yuzasidan o‘zaro tajriba almashishdi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar asosida tayyorlangan videolavhalar namoyish etilib, ishtirokchilar ogohlikka chorlandi.

Seminar-trening so‘nggida kontakt simlarini qanday qilib ulanishi va xavfsizlik qoidalariga doimiy ravishda amal qilinishi yuzasidan amaliy mashg‘ulot ham tashkil etildi. Bu jarayon bevosita soha mutaxassislari tomonidan diqqat bilan kuzatilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar joyida tuzatilishiga erishildi. O‘tkazilgan trening orqali yosh kadrlar ilg‘or tajribaga va yetarlicha ko‘nikmaga ega bo‘lishlari barobarida xavfsizlik qoidalariga nechog‘li amal qilish lozimligini anglashdi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI