Temiryo‘lchilar mahallalar obodligiga hissa qo‘shishmoqda
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalari mutaxassislari tomonidan poytaxtimizdagi mahallalarni obod qilish, ko‘rkam holatga keltirish, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida talaygina ishlar bajarilmoqda.
Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 fevraldagi 01-05/1-171-sonli bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida, «Mahallabay» tizimini joriy qilish bo‘yicha Toshkent shahridagi mahallalarga biriktirilgan vazirliklar va idoralar tomonidan joylarda taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini bajarish belgilangan edi.
Unga ko‘ra 2021 yil boshida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga Toshkent shahar Mirobod tumanidagi o‘nta mahalla biriktirilib, ushbu mahallalarda taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini bajarish vazifasi yuklatildi. Shundan so‘ng “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi X.Xasilovning 2021 yil 15 fevraldagi “Mahallabay tizimi faoliyatini jadallashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan biriktirilgan mahallalar tarmoq korxonalariga bo‘lib berildi va taʼmirlash hamda obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
O‘tgan vaqt davomida Mirobod tumanidagi "Chinor", "Fayzobod", "Oq uy", "A.Fitrat", "Sariko‘l", "Banokatiy", "Qorasuv", "Yangi zamon", "Oltinko‘l" hamda "Furqat" kabi mahallalarga zamonaviy texnikalar va ishchi-xodimlar biriktirilib, taʼmirlash ishlari jadallik bilan olib borildi. Ayni paytda ham ushbu hududlarda obodonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Temiryo‘lchilarga biriktirilgan o‘nta mahalladan biri bo‘lgan “Oq uy” mahallasida taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari to‘liq tugatildi.
Taʼkidlash lozimki, ayni paytda barcha mahallalarga tegishli hududlarni tartibga keltirish, obodonlashtirish, ariq-zovurlar, xiyobonlarni tozalash ishlari davom ettirilmoqda. Obodonlashtirish ishlari jarayonida aholi punktlari, ko‘p qavatli uylar, hovlilar, bog‘ va sayilgohlarni tartibga keltirish, chiqindilarni belgilangan joyga chiqarib tashlash, ko‘chalarni taʼmirlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu xayrli ishlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalar jamoasi munosib hissa qo‘shmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, temiryo‘lchilarning mehnati va tashabbusi bilan tumandagi o‘nta mahalla bugungi kunda obod go‘shaga, ko‘rkam maskanga aylanib, namunaviy xonadon va ko‘chalar soni ortib bormoqda.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI