O‘zbek tili bayrami kuni temir yo‘l tizimida ham katta tantana bilan nishonlanmoqda

Kuni kecha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati kichik majlislar zalida boshqarma boshliqlari, mutaxassislar, ishchi-xodimlar, shuningdek, taklif etilgan mehmonlar ishtirokida O‘zbek tili bayrami katta tantana bilan nishonlandi.

Bayram tadbirida “Sharq yulduzi” va “Zvezda Vostoka” jurnallarining bosh muharriri, huquqshunos, jurnalist va shoir Sirojiddin Rauf hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibasi, “Saodat” jurnalining bosh muharriri, shoira Munavvara Usmonova so‘zga chiqib, bebaho ona tilimizni rivoji va uni davlat tili darajasiga yetishida temiryo‘lchilar ham munosib hissa qo‘shayotganini aytib o‘tishdi. Bu soha vakillarining mamlakatimiz iqtisodiyotiga, xalqimiz hayotining farovon bo‘lishiga qo‘shayotgan hissasi, mehnati nihoyatda yuqori ekanligi e’tirof etildi. Shoir va yozuvchilarimiz millionlab yo‘lovchilarni, xalq xo‘jaligi yuklarini manzilga sifatli va xavfsiz yetkazayotgan temiryo‘lchilar haqida, ularning jasorati, fidoyi mehnati to‘g‘risida ko‘plab she’r va kitoblar yozishlari zarurligini ta’kidlashdi. Shundan so‘ng ular o‘zlarining qalamiga mansub yozgan she’rlaridan parchalar o‘qib berishdi. 

Tadbirda yosh temiryo‘lchi ijodkorlar “Zulfiya” mukofoti sovrindori, Hulkar Sherzodova va 2021 yilgi “Zukko kitobxon” tanlovi g‘olibi, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi xodimi A’zam Umaraliyev so‘zga chiqib, ona tilimiz rivojiga yosh temiryo‘lchilarning qo‘shayotgan munosib hissasi haqida fikr mulohazalarini bildirishdi. Bo‘sh vaqtlarida ijod qilib yozgan she’rlaridan o‘qib berishdi. Shundan so‘ng temiryo‘lchi yoshlarimiz tomonidan O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlab tayyorlangan videorolik mehmonlar e’tiboriga havola etildi.

Tantanali tadbir davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi maslahatchisi Hulkar Hotamboyeva ham so‘zga chiqib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati nomidan barcha temiryo‘lchilarni O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy tabrikladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ona tilimizning davlat tili sifatida nufuzini, obro‘sini ko‘tarish bo‘yicha qilinayotgan ezgu ishlar haqida ma’lumot berdi. Mamlakatimizda keyingi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq  qonun, Prezident farmonlari, hukumat qarorlari qabul qilingani haqida gapirar ekan, bu borada temir yo‘l tizimida ham davlat tilini rivojlanishga qaratilgan bir qator amaliy ishlar olib borilayotgani, xususan, barcha korxona va tashkilotlarimizda to‘liq davlat tilida ish yuritilayotgani quvonarli holat ekanligini bildirdi. 

Xususan, me’yoriy hujjatlar davlat tiliga muvoqiflashtirilgani, joy nomlari, korxona va tashkilot nomlari, reklama va e’lonlar kabi tashqi yozuvlar lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek yozuviga o‘tganligi aytib o‘tildi. Davlat tilini chuqur o‘rganish uchun ishchi-xodimlarga zarur shart-sharoitlar yaratilgani,  tizimdagi Kadrlar malakasi oshirish va qayta tayyorlash markazida yuzlab ishchi-xodimlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi hamda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malakasini oshirayotgani ta’kidlandi.

Bayram yakunida Temiryo‘lchilar madaniyat saroyining “Tarannum” ansambli ijrosidagi o‘zbek mumtoz qo‘shiqlari yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI