Press-tur: Modernizatsiya qilingan yana bir vagon bilan tanishuv

2022 yil 20 oktyabr kuni  "O‘zbekiston temir yo‘llar" aksiyadorlik jamiyatining Axborot-tahliliy media markazi tomonidan "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" aksiyadorlik jamiyatining Yo‘lovchi vagonlarni reysga texnik va texnologik tayyorlash, taʼmirlash filialiga  hamda "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi" AJga press-tur tashkil etildi.

Dastavval, Filial faoliyati haqida atroflicha maʼlumot berish maqsadida mutasaddilar tomonidan alohida uchrashuv tashkil etildi. Unda qator ommaviy axborot vositalari vakillari yo‘nalish bo‘yicha qiziqarli va sermazmun maʼlumotlarga ega bo‘ldilar. Yo‘lovchi poyezdlar reysga, yaʼni safarga chiqishdan oldin qanday jarayon va nazoratlardan o‘tkazilayotgani haqidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Davra suhbati shaklidagi uchrashuvdan so‘ng Filial bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi. Vagonlarni reysga texnik va texnologik tayyorlash bo‘yicha filial boshlig‘ining o‘rinbosari Madamin Achilovning aytishicha, vagonlarni modernizatsiya qilish servis xizmatlarining ajralmas qismidir. Yangi ko‘rinishdagi plaskart vagonning o‘ziga xos jihatlariga kelsak, vagonlarda USB portlar, uyali vositalarni quvvatlantirish uchun rozetkalar tashkil etilgan. Bu yerdagi har bir o‘rindiq maxsus parda bilan jihozlangan bo‘lib, uni yopishingiz va tokchangizni boshqa yo‘lovchilardan go‘yo yopiq kapsulaga aylantirishingiz mumkin.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari shuningdek, kir yuvish majmuasiga tashrif buyurishdi. Bu yerda, vagonlarda ishlatilgan mato anjomlarini yuvish, mexanik va kimyoviy tozalash ishlari amalga oshiriladi. Bu yerda 30 kilogrammdan 100 kilogrammgacha bo‘lgan kir yuvish uskunalari ishlatilmoqda. Filialda shuningdek, vagon choyshablari tikish sexi ham mavjud.

–Hozirgi vaqtda Andijon – Xiva  yo‘nalishida 1 ta modernizatsiya qilingan eksperimental plaskart vagon harakatlanmoqda, – deydi Madamin Ochilov. –Vagonning ekspluatatsiyasi davomida xodimlar muntazam ravishda so‘rov va tadqiqotlar olib bormoqda, yo‘lovchilardan taklif va tavsiyalarni o‘rganib chiqishmoqda.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi" AJga ham tashrif buyirdilar. Zavod hududida yo‘lovchi vagonlar va metro vagonlarini kapital taʼmirlash jarayonlari bilan tanishdilar. 

– Hozirgi kunda ikkita modernizatsiya qilingan vagonni foydalanishga topshirgan bo‘lsak, uchinchi yo‘lovchi vagon taʼmirlash jarayonida, har oyda bizning korxonamiz tomonidan  20-25 ta vagon ta'mirlanib foydalanishga topshirilmoqda, – deydi "TYVQTZ" aksiyadorlik jamiyati bosh texnologi Bohodirov Ravshan.

Mutaxassislar press-turda muhandis-texnik kadrlar malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidladilar. Mutaxassislarning yuqori darajadagi malakasi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish imkonini beradi. Taʼkidlash joizki, hozirda zavodda 16 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, ichki va xalqaro bozorlarda sotilmoqda.

Bugungi kunda  "Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi" AJ ("TYVQTZ"AJ) Markaziy Osiyo mintaqasi bozorida yo'lovchi vagonlarini ta'mirlash va ishlab chiqarish yo‘nalishida ijobiy obro'ga erishdi. Zavodning asosiy faoliyati qator turdagi yangi yo'lovchi vagonlarini qurish, yo'lovchi vagonlarini kapital ta'mirlash, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishdan iborat. 

Qayd etish lozimki, "Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi" AJ Bojxona Ittifoqining texnik reglamentiga muvofiqlik sertifikati (TR TS sertifikati)ga ega. Bugungi kunda zavod zamonaviy texnologiyalar va innovatsion ishlanmalardan foydalanadi, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish bo'yicha doimiy izlanishlar olib bormoqda.

Mazmun bo‘yicha press-tur taassurotlarga boy bo‘ldi va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI