Hafta davomida temir yo‘l korxonalarida amalga oshirilgan ishlar haqida qisqasatrlarda:

YANGI PLASKART VAGONLAR FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

“Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilgan PLASKART vagonlar “Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdida o‘z harakatini amalga oshirdi. Mazkur PLASKART vagonlar zamonaviy, o‘ziga xos dizaynga ega bo‘lib, 54 Ta o‘rin bilan taʼminlangan. Yo‘lovchilarga yana-da qulaylik yaratish maqsadida vagonlarda “USB” portlar, uyali aloqa vositalarini quvvatlash uchun 220 voltli rozetkalar bilan jihozlangan. Vagon ichki haroratini nazorat qilishda elektron pulttablolar o‘rnatilgan. Vagonni isitish maqsadida ikki xildagi tizim o‘rnatilgan bo‘lib, birinchi tizim bu – elektr toki yordamida isitish va ikkinchi tizim – vagonni boshqa turdagi yoqilg‘i bilan isitish.

BOLAJONLAR SALOMATLIGI TIBBIYOT OLIMLARI NAZORATIDA

Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Sog‘liqni saqlash xizmati soha mutaxassislarining bilim va malakalarini oshirish borasidagi o‘zaro hamkorligi samarali natija bermoqda. Yo‘l bolalar shifoxonasida temiryo‘lchi farzandlarini davolash, ularga tibbiy maslahat berish, ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatish borasida Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-son bolalar kasalliklari kafedrasi xodimlari tomonidan muntazam ravishda pediatriyaning dolzarb masalalari bo‘yicha seminar-trening, maʼruzalar tashkil etilib borilmoqda. Hafta davomida har bir bo‘limda davolanayotgan bemorlar uchun professor-shifokor ko‘rigi, maslahat, davolash ishlari tashkil etilmoqda.

O‘tgan hafta Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-son bolalar kasalliklari kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi E.Xudoykulov shifoxona bo‘lim mudirlari bilan birgalikda bemor bolajonlarni birma-bir ko‘rikdan o‘tkazdi. Ularni davolash va tashxislash bo‘yicha maslahat va tavsiyalarini berdi. Bolalar kasalliklariga qarshi kurashishning eng samarali usullari haqida maʼlumotlarni taqdim etdi.

KASABA UYUSHMASI XODIMLARI FAOLIYATIGA BAG‘ISHLANDI

“Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida viloyatdagi temiryo‘lchilar va transport quruvchilari kasaba uyushmasi tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarning boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari raislari, mehnat muhofazasi va xodimlar bo‘limi boshliqlari uchun seminar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Qashqadaryo viloyat Kengashi mehnat-huquq va mehnat-texnik inspektorlari Sh.Sattorov, A.Xo‘jaqulov, “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi Hududiy kasaba uyushma qo‘mitasi raisi S.Qurbonov, Xodimlar bo‘limi boshlig‘i R.Xidirnazarov, Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i l.Qurbonov hamda faoliyati o‘rganilgan korxona, tashkilotlarning boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raislari, mehnat muhofazasi va xodimlar bo‘limi boshliqlari ishtirok etishdi.

Seminar ishtirokchilariga xodimlarning huquq va manfaatlarini munosib himoya qilish, kasb kasalliklari va jarohatlanishlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari ko‘lamini oshirish, yangi ishga qabul qilinayotgan xodimlarning mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha kirish yo‘riqnomasidan o‘tkazish ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha tushunchalar berib o‘tildi.

BAYRAM TADBIRI BO‘LIB O‘TDI

Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasida Navro‘z bayrami munosabati bilan doshqozonda o‘zbek milliy taomi – osh damlanib, bahor taomi – sumalak tayyorlandi.

Stansiya xodimlari tomonidan milliy liboslarda “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektalidan lavha namoyish etildi. Qaynayotgan sumalak atrofida o‘lan va laparlar aytildi. Sumalak sayli haqiqiy bayramga aylanib, barchaga shodlik kayfiyati ulashdi.

Shundan so‘ng xayru saxovat, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlovchi muborak Ramazon oyida iftorlik dasturxoni yozildi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI