Toshkent yer usti halqa metro yo‘nalishining 5 ta yangi bekatlarining ochilish marosimi bo'lib o'tdi

Bugun, 2023-yil 25-aprel kuni Toshkent metropolitenining "Qo‘yliq – Quruvchilar" yo‘nalishidagi 5 ta yangi bekatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Ko‘prikqurilish trest” unitar korxonasi va boshqa bir qator jalb etilgan boshqarmalarning malakali mutaxassislari tomonidan mazkur loyihaning qurilish ishlari jadal ravishda olib borildi.

Tadbirni Transport vazirining o‘rinbosari Abdusamat Muminov va tarkibiy bo‘linmalarning rahbar mutasaddilari va nuroniy vakillari ishtirok etdi.

Yangi qurilgan bekatlar haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, 8-bekat Qo‘yliq-1 mavzesida joylashgan bo‘lib, yo‘lning o‘ng tomoni ko‘p qavatli aholi turar joylari bo‘lsa, chap tomonida aholi xonadonlaridan iborat katta-katta mahallalar joylashgan.

Mazkur bekat 2 qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatda jami 28 ta xona qurildi, ularda maxsus elektr energiyasi, aloqa tizimi hamda yong‘in xavfsizligi xonalari, shuningdek, tibbiyot punkti, ishchi-xodimlar xonasi va chiptaxonadan iborat. Bekat esa 2-qavatda bo‘lib, umumiy uzunligi 115 metrdan iborat. Birinchi qavatdagi barcha xizmat ko‘rsatish va texnika xonalari to‘liq taʼmirdan chiqarilib, 2-qavatdagi perron qismida ham zamonaviy va mustahkam, uzoq muddatga chidamli mahsulotlaridan foydalanilgan.

Yana bir muhim jihat, 8, 9, 10, 11 hamda 12-bekatlardagi  keng, yorug‘ va ko‘rkam har bir bekat o‘ziga xos dizaynda, ayniqsa, binolarning tashqi qoplamasi sifatli va har qanday ob-havoga chidamli marmar bilan bezatilgan.  Bekatlarning 2-qavatdagi perron qismi ko‘rinishi ham bir-birini takrorlamaydi.

Har bir bekatda yong‘in xavfsizligi yo‘lagi tashkil etildi. Zamonaviy lift va eskalatorlar ham o‘rnatilda. Imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun ham qulayliklar yaratilgan.

“2 bosqich qurilishi 12.3 km 7 bekat iborat bo‘lib, ulardan  8 km uzunlikdagi qismi va  5 bekati   yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun topshirildi. Mazkur bekatlar va metro qurilishiga  2000 dan oshiq mutaxassislar  va 150 dan ortiq maxsus texnika jalb qilindi”. – deydi Abdiyev Azizbek O‘ktamovich - Kapital qurilish direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari.

Mazkur yo‘nalish bir kunda 40 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Buning evaziga ushbu yo‘nalishlarda shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi. Xususan, Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanadigan kunlik avtomobillar soni 32 mingtagacha qisqarib, transport oqimi 12 foiz kamayishi ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 martdan boshlab sinov tariqasida poyezdlar harakati tashkil etildi.


Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI