Buxoro — Urganch — Xiva: Keng qamrovli elektrlashtirish loyihasi doirasida ishlar davom etmoqda

2017 yilda temiryo‘lchilar tomonidan Qizilqum sahrosining qoq o‘rtasidan o‘tgan Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘li qurilib, foydalanishga topshirilgan edi. 2021 yilning mart oyida esa ushbu uchastkada temiryo‘lchilar tomonidan elektr poyezdlari qatnovini tashkil etish uchun elektrlashtirish ishlari boshlandi.

Ushbu loyihaning buyurtmachisi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bo‘lib, bosh loyihachi etib «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati belgilangan. Loyihani moliyalashtirish esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari va Xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlarining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ushbu yirik loyihalarning 1-bosqichida 465,54 kilometrdan iborat “Buxoro – Urganch – Xiva” uchastkasi elektrlashtirilgach, loyihaning 2-bosqichi bo‘lgan 196 kilometrlik “Miskin – Nukus” uchastkasi ham elektrlashtiriladi.

Shu bois ayni paytda temiryo‘lchilar tomonidan “Buxoro – Urganch – Xiva” uchastkasi yo‘llari bo‘ylab poydevor hamda temir-beton tayanchlar o‘rnatilmoqda. Zamonaviy texnikalar yordamida tayanchlarga elektr simlarini ushlab turish uchun konsollar montaj qilinmoqda.

Shuningdek, stansiyalardagi po‘lat izlar bo‘ylab o‘rnatib bo‘lingan poydevor va tayanchlarga panjarali temir konstruksiyalarni montaj qilish ishlari ham boshlab yuborildi. Elektrlashtirilayotgan “Buxoro – Urganch – Xiva” uchastkasida, loyihada rejalashtirilayotgan ishlarga ko‘ra, tashqi elektr tarmog‘ini qurish, elektr tortish nimstansiyasi (TPS) va 8 ta elektr tutashtiruvchi tarmog‘ining navbatchilik (DPKS) binosi, 44 ta UZP moslamasi bilan qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmasi, 1 ta avto yo‘l o‘tkazgich hamda 1 ta lokomotiv jamoasi uchun dam olish uyi qurish rejalashtirilgan.

Uchastka bo‘ylab jami 12 mingdan ortiq poydevor, 10 mingdan ko‘proq temir-beton ustun o‘rnatish va kontakt tarmog‘ini montaj qilib, mazkur tarmoqqa xizmat ko‘rsatish uchun maxsus texnikalar va himoya vositalari xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda “Buxoro-1” stansiyasida 90 foiz, “Navbahor” stansiyasida hamda “Parvoz” razyezdida 100 foiz, “Kiyikli” razyezdida 70 foiz, «Jayhun» razyezdida 50 foiz, “Turon” razyezdida 75 foiz ko‘tarma tuproq ishlari amalga oshirildi.

Buxoro – Urganch – Xiva” liniyasidagi kontakt tarmog‘ida ham samarali ishlar bajarildi. Xususan, “Buxoro-1” – “Kiyikli” stansiyalari oralig‘ida “1-sonli energomontaj poyezdi”unitar korxonasi (EP-1) tomonidan loyihada belgilangan 4 ming 300 dona poydevordan 3 ming 575 tasi (83 foiz), 840 dona ankerdan 638 tasi (75 foiz) o‘rnatildi. «Hizirbobo» stansiyasi hamda «Jayhun» razyezdi oralig‘ida loyihada belgilangan 782 poydevordan 218 tasi (27 foiz), 782 ta tayanchdan 205 donasi (26 foiz), 142 dona ankerdan 6 tasi (4 foiz) o‘rnatildi. «Jayhun» razyezdi va “Xiva” stansiyalari oralig‘ida “1-sonli energomontaj poyezdi” unitar korxonasi tomonidan belgilangan loyihaga ko‘ra 4 ming 187 dona poydevordan 2763 tasi (66 foiz) bajarildi. 4 ming 187 dona tayanchdan 2 ming 582 tasi (62 foiz), 692 ta ankerdan 426 tasi (62 foiz) o‘rnatildi. 

Temiryo‘lchi mutaxassislarimiz tomonidan shu kungacha Buxoro viloyati hududidan 163,1 kilometr, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlaridan 128,38 kilometr, jami bo‘lib 291,48 kilometr (63 foiz) kontakt tarmog‘ining poydevorlari va tayanch ustunlari to‘liq o‘rnatildi.

Taʼkidlash lozimki, mamlakatimiz temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirib, yuk va yo‘lovchi vagonlarini tortayotgan teplovozlarni elektrovozlarga o‘tkazishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Chunki dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan teplovozlarda yuk va yo‘lovchi poyezdlarga xizmat ko‘rsatish elektrovozlarga qaraganda juda qimmatga tushadi. Qolaversa, tashish tannarxi oshib ketadi, teplovozlarni xizmat ko‘rsatish muddati ham qisqaradi.

Shu bois ushbu yirik loyiha tezroq amalga oshirilsa, kutilayotgan natijalar juda katta bo‘lib, dastlab ekspluatatsion xarajatlar kamayadi, harakat tezligini oshirish hisobiga isteʼmolchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yana-da yaxshilanadi, temir yo‘l uchastkasini o‘tkazish va o‘tkazuvchanlik qobiliyati keskin ko‘tariladi, yangi ish joylari tashkil qilinadi. Loyiha hududni ekologik muhitini yaxshilash, zamonaviy kommunikatsiya tizimi va resurs tejash texnologiyalarining rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, respublikada turizm sohasini rivojlantirishga, aholi va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga katta imkoniyat yaratadi.

Shuningdek, ushbu yo‘nalishning elektrlashtirilishi kelgusida Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ 
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI