Temir yo‘l korxonalarida hafta davomida amalga oshirilgan ishlar haqida

Termizlik temiryo‘lchilarga damas avtomobili sovg‘a qilindi 

Yoshlar kuni munosabati bilan Termiz shahridagi “San’at saroyi” amfiteatrida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Shundan so‘ng Yoshlar kuni munosabati bilan viloyat hokimining kubogi uchun o‘tkazilgan futbol musobaqasining g‘olibiga mukofotlar topshirildi. Xususan, boshqarma, tashkilot va muassasalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi jamoasiga Damas avtomobili topshirildi.


Rahbar va yoshlar uchrashuvi doirasida profilaktik tadbir tashkil etildi 

Toshkent temir yo‘l texnikumida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 34-H-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida o‘quvchi-yoshlar bilan “Temir yo‘lda xavfsizlikni ta’minlash va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish”, “Ommaviy madaniyat – global xavf va xatarlar” mavzularida tadbir o‘tkazildi.

Unda Mirobod tumani IIO FMB 3-son IIB profilaktika inspektori, mayor D.Ermatov, Mirobod tumani IIO FMB 3-son IIB voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspektori, leytenant Yu.Dirova, texnikum direktori v.b. A.Mavlanov, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari v.b S.Nabiyev, Yoshlar yetakchisi D.Rejametova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi N.Pardayeva, texnikum psixologi K.Abdurahmonova va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. 

Tadbir davomida mavzuga doir hujjatli film namoyish etildi va o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.


“Yoshlar forumi” doirasida
 
“Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida ham sohada faoliyat ko‘rsatayotgan temiryo‘lchi yoshlarni birlashtirish, faolligini oshirish va intiluvchan temiryo‘lchilarni rag‘batlantirish maqsadida “Yoshlar forumi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda uzel rahbari va barcha rahbariyat a’zolari yosh mutaxassislarni qutlab, samimiy tilaklar bildirishdi. 

“Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqalarda faol ishtiroki, samarali mehnati, iqtidori uchun korxonalarda faoliyat olib borayotgan bir qator yosh mutaxassislar diplom va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.


Bolalar shifoxonasida “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi 

Yo‘l bolalar kasalxonasi ishchi-xodimlari o‘rtasida kitob mutoalaasi, kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirish maqsadida “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Korxona kitobxonlari 3 ta shart bo‘yicha qizg‘in bahs olib borishdi. Ishtirokchilar adabiyotga bo‘lgan muhabbati, kitobga, taniqli adib va shoirlarning badiiy asarlari va she’riyatiga bo‘lgan qiziqishlarini o‘z ijodiy chiqishlarida namoyon etishdi. Tanlovda Alisher Navoiy, Bobur, Muhammad Yusuf, Abdulla Qodiriy, Erkin Vohidov, Zulfiyaxonim, Abdulla Oripov, Bobur Bobomurod kabi ijodkorlar ijodlaridan foydalanildi. Ishtirokchilarning chiqishlari hay’at a’zolari tomonidan adolatli baholanib borildi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni somatika bo‘limi xodimi O‘g‘iloy Toshpo‘latova, 2-o‘rinni qabul bo‘limi hamshirasi Nodira Ibodova, 3-o‘rinni muassasa xodimi Aziza Abdurazzoqova qo‘lga kiritdi.


Zavodda ilg‘or yoshlar rag‘batlantirildi 

“Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida mehnat qilayotgan temiryo‘lchilar uchun “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar forumi” bo‘lib o‘tdi.

Boshqaruv raisi va barcha rahbariyat a’zolari Yoshlar kuni munosabati bilan yosh mutaxassislarni qutlab, samimiy tilaklar bildirishdi.

Forumda “Temir yo‘l malikasi-2023”, “Zukko kitobxon-2023”, “Zakovat” hamda “Boshqaruv raisi kubogi-2023” mini-futbol musobaqasi g‘oliblari boshqaruv raisining esdalik sovg‘alari va diplom bilan taqdirlandilar.

Ishchilari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi 

Sog‘liqni saqlash xizmati tasarrufidagi “Qo‘qon” temir yo‘l shifoxonasi shifokorlari tomonidan Qo‘qon shahrida joylashgan O‘zbekiston – Hindiston “Indorama” qo‘shma korxonasi ishchi-xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik o‘tkazish uchun shifoxonaning terapevt, jarroh, nevropatolog, kardiolog, UTT, EKG, okulist, dermatolog, LOR, ginekolog kabi tajribali va malakali shifokorlari hamda hamshiralari jalb qilindi. 

Korxona xodimlari barcha tekshiruvlardan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida shifokorlar tomonidan ishchi-xodimlar sog‘lig‘i, ishga yaroqliligi sinchkovlik bilan tekshirildi, kerakli tavsiyalar berildi. 

Shuningdek, korxona ishchi-xodimlariga kasbiy kasalliklarning oldini olish, issiq obhavoning inson organizmiga salbiy ta’siri va uni oldini olish to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Baxtsiz hodisalarda yoki oftob urganda birinchi yordam ko‘rsatish qoidalari tushuntirildi. 

5 kun davom etgan tadbirda 450 nafar ishchi-xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.


Faol yoshlar rag‘batlantirildi 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 399-N-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston” lokomotiv deposida iyun oyi “Yoshlar oyligi” deb e’lon qilingan edi. Shu munosabat bilan depoda “Yoshlar oyligi” yakuni bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida “Yoshlar forumi” bo‘lib o‘tdi.

Unda turli xil tanlovlar va sport musobaqalari o‘tkazilib, g‘oliblar “O‘zbekiston” lokomotiv deposi rahbariyati hamda korxona Kasaba uyushmasi qo‘mitasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Murojaat va muammolar tinglandi

“Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i M.Mirzayev ishtirokida uzel tasarrufidagi korxona, tashkilot va stansiyalarda faoliyat yuritayotgan temiryo‘lchi yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida o‘tgan yillarda turli yutuqlarga erishgan, iqtidorli va samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh faol yoshlar uzel rahbariyati tomonidan rag‘batlantirildi. 

Shuningdek, tadbir ochiq muloqot shaklida davom ettirilib, yoshlarning murojaat, muammo, g‘oya va takliflari eshitilib, ularning yechimi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. 

Tadbir yakunida yoshlar yangi tashkil etilgan Innovasion markaz faoliyati bilan tanishtirildi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ 
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI