Temir yo‘l korxonalarida hafta davomida amalga oshirilgan ishlar haqida
Rahbar va yoshlar uchrashuvi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli 203-Tajriba yo‘l mashina stansiyasi korxonasida yoshlarga oid davlat siyosatini samarali olib borish bo‘yicha “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Uchrashuv korxona boshlig‘i tomonidan ochiq muloqot tarzida olib borilib, yoshlarning taklif va muammolari o‘rganildi.
Tibbiy xizmat nazoratga olingan
Ma’lumki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining 2021 yil 26 apreldagi 438-N-sonli buyrug‘ida Sog‘liqni saqlash xizmati rahbariyati va mutaxassislariga “Shovot – Qorao‘zak” yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi bo‘yicha bir qator vazifalar yuklatilgan edi.
Jumladan, qurilishda faoliyat yurituvchi ishchixodimlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatadigan tibbiy punktlar faoliyatini tashkil etish, dori-darmon, bog‘lov materiallari, shaxsiy himoya vositalari, tibbiy jihoz va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan uzluksiz ta’minlash hamda ishchi-xodimlar salomatligini nazorat qilish belgilab berilgandi. Qurilish jarayonlarida ushbu vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi “Urganch” temir yo‘l shifoxonasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Yaqinda shifoxona bosh shifokori o‘rinbosari B.Ro‘zmetov hamda tibbiy feldsher I.Bobojonov ishtirokida ushbu qurilish hududida tashkil etilgan Qipchoq tibbiy punkti va Shovot – Qorao‘zak tibbiy punkti ish faoliyati o‘rganildi.
Xususan, ishchi-xodimlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, tibbiy punkt dori-darmon vositalari ta’minoti va ishlatilishi, yaroqlilik muddati, shuningdek, me’yoriy hujjatlarning yuritilishi birmabir ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv-nazorat ishlari natijasida mazkur tibbiy punktlar ishini yanada yaxshilash borasida zarur tavsiya va topshiriqlar berildi. Ishchi-xodimlar bilan tibbiy xizmat, yaratilayotgan qulayliklar va mavsumiy kasalliklar to‘g‘risida suhbat olib borildi.
Oromgohning tibbiy-sanitar holati o‘rganildi
Ayni kunlarda temir yo‘l tasarrufidagi barcha bolalar oromgohlarida yozgi ta’til maroqli o‘tmoqda.
Andijon viloyatidagi Xonobod shahrining so‘lim go‘shasida joylashgan “Alovuddin” bolalar dam olish oromgohi ham bolalarni o‘z quchog‘iga olgan. Oromgohda o‘g‘il-qizlarni sog‘lom va beshikast dam olishlarini ta’minlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bolajonlar malakali shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, salomatligi muntazam nazorat qilib borilmoqda.
“Andijon” temir yo‘l shifoxonasi tomonidan mazkur oromgohda yaratilgan shart-sharoitlar, tibbiy-sanitar holati doimiy o‘rganib borilmoqda. Xususan, yaqinda shifoxona bosh shifokori Dilorom Mashrapova oromgohda bolalar uchun tashkil etilgan qulayliklarni, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni birma-bir ko‘zdan kechirdi.
Bolalarning yashash sharoitlari, yotoq va ovqatlanish joylarida sanitariya me’yorlariga amal qilinayotganligi, dori-darmonlar jamlamasi to‘liqligi, yaroqlilik muddatlarini tekshirdi.
D.Mashrapova oromgoh mutasaddilariga bolalarni maroqli hordiq chiqarib, salomatliklarini tiklab olishga qaratilgan chora-tadbirlar, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha maslahat va topshiriqlar berdi.
Temiryo‘lchi farzandlarining yozgi ta’til davrida mazmunli hordiq chiqarishlari uchun shart-sharoitlar yuksak darajada tashkil etilishi lozimligini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.
Seminar o‘tkazildi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining 2023 yil 12 iyun kunidagi 506-N-sonli buyrug‘iga asosan “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida faoliyat ko‘rsatayotgan va Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalar mas’ullari orasida O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federasiyasi yuridik bo‘lim mudiri hamda Jamiyatning Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i tomonidan yangi Mehnat kodeksi bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot seminari o‘tkazildi.
Elektr ta’minoti distansiyasi tibbiy-sanitar holati o‘rganildi
Samarqand tarmoq SES bosh shifokori N.Hayitov tomonidan Samarqand elektr ta’minoti distansiyasida tibbiy-sanitar nazorat ishlari o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar jarayonida distansiya ishchi-xodimlariga yaratilgan sharoitlar, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat, korxona tibbiy punktida dori-darmon vositalari ta’minoti va ishlatilishi, yaroqlilik muddati, shuningdek, me’yoriy hujjatlarning yuritilishi o‘rganildi.
Ishchi-xodimlar bilan mavsumiy va kasbiy kasalliklar xususida suhbat tashkil etildi. Xususan, yozning issiq kunida oftob urishini oldini olish bo‘yicha zarur va foydali ma’lumotlar taqdim etildi.
Tekshiruv-nazorat ishlari natijasida distansiya tibbiy punkt ishini yanada yaxshilash borasida tavsiyalar berildi.
Kitobxonlik – inson ma’naviyati ko‘zgusi
Kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
“Urganch” temir yo‘l shifoxonasida yosh mutaxassislar o‘rtasida kitob mutoalaasi, kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan “Kitobxonlik – inson ma’naviyati ko‘zgusi” nomli ko‘rik-tanlovda ham kitobsevar hamshiralar bilimi va qiziqishlari sinovdan o‘tkazildi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tanlovda “Savol-javob”, “Gʻazalxonlik”, “Monolog va ma’noli she’r o‘qish” kabi shartlar bo‘yicha kitobsevar hamshiralar o‘zaro bellashdi.
Qiziqarli bahs-munozaralar bilan kechgan tanlovda shifoxonaning terapiya bo‘limi hamshirasi Gulmira Sapayeva 1-o‘rinni, ginekologiya bo‘limi hamshirasi Dildora Zaripova 2-o‘rinni, bolalar bo‘limi hamshirasi Umida Ro‘zibayeva 3-o‘rinni egalladi.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI