Ishga munosabat о‘zgarishi kerak!

“О‘zbekiston temir yо‘llari” AJ boshqaruvi raisi Z.Narzullayev “Buxoro mintaqaviy temir yо‘l uzeli” unitar korxonasining ijtimoiy-iqtisodiy holati bilan tanishish maqsadida Buxoroga keldi. Boshqaruv raisi uzel tasarrufidagi korxona va tashkilot rahbarlari, mutaxassis va ishchi-xodimlar bilan uchrashuv о‘tkazdi.  

Tadbir avvalida uzoq yillar temir yо‘l tizimida, xususan, uzel tarkibidagi korxonalarda samarali mehnat qilib, soha rivojiga munosib hissa qо‘shgan, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan temiryо‘lchilar bilan uchrashuv tashkil etildi. Ular bilan samimiy suhbatlashib, temir yо‘l tizimini yanada takomillashtirish borasidagi maslahatlari, fikr-mulohazalarini tinglandi. Sohada katta tajriba va malakaga ega bо‘lgan faxriy temiryо‘lchilar bugungi kunda mamlakatimizda va tizimda bо‘layotgan о‘zgarishlarga befarq bо‘lmayotganliklari, davlatimiz rahbari boshchiligidagi yangi islohotlarni qо‘llab-quvvatlab, duo qildilar.  

– Sizdek ustozlarga shogird bо‘lib ishlaganimdan faxrlanaman. Har biringiz temir yо‘l tizimida о‘z о‘rniga ega bо‘lgan ustozsiz. Sizlardan kо‘p narsa о‘rganganman va bundan keyin ham qimmatli maslahatlaringizni ayamaysiz deb ishonaman, – dedi boshqaruv raisi.  

Yig‘ilishda uzel korxonalari rahbarlarining ish faoliyati tо‘g‘risida ma’lumotlari va iqtisodiy kо‘rsatkichlarni yaxshilash bо‘yicha takliflari eshitildi. Mavjud muammolar yechimi bо‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, vazifalar belgilab olindi.  

Xususan, bugungi kunda har bir rahbar kabinetga о‘tirib ishlash usulidan voz kechishi, joyiga chiqib, ish jarayonlarini bevosita boshqarishi lozimligi uqtirildi.   

Tizimda kadrlar qо‘nimliligi, ishchi-xodimlarining kasbiy bilim va mahoratini oshirish, malaka va tajribasini boyitish kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi. Yosh mutaxassislarni tarbiyalash, ularni yetuk kadr qilib shakllantirish masalasiga ahamiyat qaratish hamda yosh kadrlarni boshqa mintaqaviy temir yо‘l uzellariga tajriba almashish uchun yuborish an’anasini yо‘lga qо‘yish zarurligi ta’kidlandi. 

Har bir korxonada tadbirkorlar, mijozlar bilan ishlash tizimini mutlaq о‘zgartirish kerakligi, ularga qо‘shimcha qulayliklar, keng imkoniyatlar yaratilishi, qog‘ozbolik yoki ortiqcha ovvoragarchiliklarga barham berish zarurligi aytib о‘tildi.  

“Korxona yaxshi ish samaradorligiga erishishi bevosita rahbarga ham bog‘liq. Korxonaga rahbar tayinlanishida uning bilimi va tajribasi bilan bir qatorda, ijtimoiy sharoitlari ham e’tiborga olinishi lozim. Rahbar kadrlar imkon qadar mahalliy kadrlar ichidan tanlab olinsa, maqsadga muvofiq bо‘ladi. Chunki har bir inson о‘zi tug‘ilib о‘sgan joyni yaxshi kо‘radi, uning rivoji uchun astoydil jon kuydiradi. Qolaversa, rahbarning uyida, oilasida halovat bо‘lsa, ishida unum bо‘ladi”, – dedi Z.Narzullayev.    

Uchrashuv sо‘ngida Z.Narzullayev tadbir ishtirokchilarini О‘zbekiston temir yо‘l transporti xodimlari kuni bilan samimiy tabriklab, temiryо‘lchilarga bundan keyin ham о‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni chuqur anglagan holda sohani barqaror va samarali rivojlanishi, odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish, yirik loyihalarni amalga oshirishdek xayrli ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari"AJ 
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI