Aziz va qadrli temiryo‘lchilar!

Sizlarni mamlakatimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami, Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik ayyomi bilan samimiy tabriklaymiz.

O‘tgan qisqa davr davomida elimizning fidokorona mehnati va qatʼiyati bilan milliy o‘zligimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va anʼanalarimiz qayta tiklandi, davlat va jamiyat hayotining tub asoslari o‘zgarib, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida mustaqil taraqqiyot yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz izchil davom ettirilmoqda, barcha soha va tarmoqlar rivojini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yurtimizda millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan yangi jamiyat va davlat barpo etilmoqda.

Mamlakatimiz erkin, obod va farovon hayot qurish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulug‘vor ishlar yo‘lidan dadil bormoqda. Jonajon O‘zbekistonimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ushbu hayotbaxsh islohotlarda temir yo‘l sohasi ham mamlakatimizning muhim iqtisodiy tarmog‘i sifatida o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgani quvonarlidir.

Aziz hamkasblar!

Qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarimiz omili, kuch-g‘ayrat, g‘urur va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotgan Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi barchangizga muborak bo‘lsin!

Yurtimizning buyuk kelajagi, xalqimizning farovonligi, baxt-saodati, sohamizning bundan-da taraqqiy ettirish yo‘lida olib borayotgan keng qamrovli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz!

Oilalaringizdan xotirjamlik, ro‘zg‘oringizdan qut-baraka va farovonlik arimasin! Jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqi, temir yo‘l sohasi rivoji yo‘lida sidqidildan, shijoat bilan mehnat qilishda aslo charchamang!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Hurmat va ehtirom bilan

“O‘zbekiston temir yo‘llari”  
aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi
Z.Nazrullayev     

O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi
Q.Sabirov

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI