Yagona darcha: Yuklarni yetkazib berish jarayonini raqamlashtirish

Yagona darcha: Yuklarni yetkazib berish jarayonini raqamlashtirish

Raqamli texnologiyalar davrida transport yoʻlovchi va yuk tashishlarni boshqarishning yangi tamoyillari asosida rivojlanmoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakat hukumati barcha sohalarni, jumladan, transportni ham raqamlashtirishni jadallashtirishga qaratilgan bir qancha qarorlar qabul qildi. Natijada “Yagona darcha” platformasi yaratildi va joriy etildi.

Xususan, temir yo‘l tizimi sohasini raqamlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 martdagi “Yuk va yo‘lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4230-sonli qarori va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda 2020 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”- gi 4699-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Axborot dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilish guruhi tomonidan yuk egalariga yuk tashish jarayonida xizmat ko‘rsatishni elektron tarzda taqdim etishga qaratilgan “Yagona darcha” tamoyili asosida avtomatlashtirilgan axborot tizimining milliy platformasi ishlab chiqildi.

Bugungi kunda ushbu dasturdan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, temir yo‘l xodimlarining talab va takliflari asosida yaratilgan milliy axborot dasturini bosqichma-bosqich takomillashtirish va yangi modullar yaratish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda “Yagona darcha” axborot tizimi orqali mijozlar mintaqaviy temir yo‘l uzellari bilan elektron shartnoma va joylardagi TexPDlar bilan elektron kelishuv tuzish, GU-27 shakldagi yo‘l hujjati va ushbu hujjat asosida GU-29 shakldagi yo‘l qaydnomasi, shuningdek, GU-29b shakldagi “marshrutli” yoki “guruhli” jo‘natmalarni elektron shaklini to‘liq yaratish, GU-45 shakldagi “eslatma” asosida GU-46 shakldagi vagonlarni qo‘yib berish va olish qaydnomasini yaratish, FDU-92 shakldagi stansiyalarda har xil yig‘imlarni olish elektron varaqasini yaratish hamda FO-4, FDU-93, FDU91, GO-1, GO-2, GO -3 hisobotlarini va GU-34 shakldagi “yuklarni tashishga qabul qilish” avtomatik elektron kitobini yaratish imkoniyatlari yaratilgan.

Bundan tashqari, “Yagona darcha” tizimi Markaziy bank hamda Yangi texnologiyalar markazi bilan integratsiya qilinishi natijasida, temir yo‘l xizmatlari uchun o‘tkazilgan pul mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri saytning mijoz oynasida ko‘rinishi bilan TexPD munosabatlarida ovoragarchiliklar bartaraf etilgan. Shuningdek, barcha elektron hujjatlarni elektron raqamli imzo (“Ye-imzo”) orqali tasdiqlash imkoni yaratildi.

Yuklangan vagonlarning harakatlanishi jarayonida texnik yoki tijoriy nuqsonlar bilan poyezdni tarkibdan uzish va uzilgan vagonni asosiy hujjatda ko‘rsatilgan manzilga “yetkazib berish qaydnomasi” (dosilka) orqali manzilga yetkazishni amalga oshirish uchun alohida modul yaratilgan.

Ushbu yaratilgan axborot dasturlaridan foydalanuvchilarning unumli va sifatli foydalanishi, shuningdek, ularga ko‘maklashish maqsadida telefon tarmog‘idan tashqari ijtimoiy tarmoqlar (telegram kanal) tashkil etilgan bo‘lib, kelib tushayotgan talablar, takliflar hamda kamchiliklar zudlik bilan qisqa muddatda Axborot dasturlarini ishlab chiqish va joriy qilish guruhi mutaxassislari tomonidan qabul qilinmoqda va o‘rnatilgan tartibda hal etib kelinmoqda.

Asosiy maqsad temir yo‘l tizimini raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, ushbu milliy axborot tizimida foydalanuvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali tizimdan unumli foydalanishga o‘rgatish.
Eng muhimi, yuk tashish jarayonidagi ovoragarchiliklarni bartaraf etgan holda hujjatlar aylanmasini elektron ravishda amalga oshirishdir. Xususan, temir yo‘l transportida yuklarni tashish xizmatlarini takomillashtirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, temir yo‘l transportidagi axborotlarni elektronlashtirish, temir yo‘l tizimidagi barcha hujjatlar aylanmasini elektron tarzda ta’minlash, temir yo‘l tasarrufida bo‘lgan, joylardagi korxonalar (stansiya, TexPD va boshqa tashkilotlar) ishlarini nazorat qilish va ularning barcha hisobotlarini onlayn tizimida o‘z vaqtida to‘liq olish hamda bank va moliyaviy ishlar hujjatlarini rasmiylashtirishda onlayn tizim orqali ishlarni amalga oshirishdan iborat.

Ushbu veb-dastur bilan ishlash jarayonida onlayn tizimida buyurtmalar bajarilishini kuzatish va internet orqali masofadan turib kirish va boshqarish imkoniyatlari yaratilgan.

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI