"Sog'lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish" mavzusida seminar-trening o'tkazildi

2023 yil 16 noyabr kuni “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” AJda  “Sog'lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish”  mavzusida seminar trening o‘tkazildi. Ushbu treningni o‘tkazishdan asosiy  maqsad  korxona ishchi-xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi hamda sog‘lom ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilishdir.

Seminar treningni  Oliy toifali shifokor Nutritsolog-Diyetolog Axmedova Alla olib bordi. U o‘z nutqida hozirgi globallashuv sharoitida  turli xil viruslar, infeksiyalar tarqalishi hamda insonlar turmush tarzini o‘zgarishi, shuningdek ayrim kishilar tomonidan chekish mahsulotlari va spirtli ichimliklar isteʼmol qilinishi avvalo yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llariga zarar keltirayotganligi, buning natijasida esa semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolarimizning sog‘lig‘iga salbiy taʼsir ko‘rsatib kelayotgani, shuningdek xar bir inson sog‘lom bo‘lishi uchun  zararli odatlardan  voz kechishi, muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishi, doimo to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya qilishi,  xususan tarkibida tuz, qand va yog‘  miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini meʼyoridan ortiq isteʼmol qilmasligi zarurligini, bir so‘z bilan aytganda, barchamiz  sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotimizga  aylantirishimiz zarur ekanligini bugungi davrning o‘zi taqozo etayotganlagini maʼlum qildi.

Inson ertalab uyqudan turgandan so‘ng, kunni maʼdanlik suv ichish bilan boshlashi, badantarbiya qilishi, tushlik paytida yog‘siz taomlarni tanovul qilishi, kun davomida suv ichish balansiga rioya qilishi, kechki ovqatni meʼyoridan oshirmasligi kerakligi taʼkidlab o‘tildi,  xususan sog‘lom ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish, haftada muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishi zarurligini keng yoritildi.

Shuningdek, xodimlarning antropometrik ko‘rsatkichlarini  tashkil qilish va shundan kelib chiqqan holda, semizlik darajasini,  vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash uchun barcha kerakli maslahatlar berildi. Ishchi-xodimlar ish kuni davomida gimnastika mashqlarini bajarishlari, muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanish yana-da ko‘proq foydalanishlari kerakligi aytib o‘tildi.

O‘tkazilgan seminar-trening qiziqarli savol va javoblarga to‘la holda o‘tib, barcha ishchi-xodimlarda katta taassurot qoldirdi.


"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI