Press-tur: Toshkent – Xiva – Toshkent yo'nalishidagi yangi platskart vagonlari
Joriy yilning 8 dekabr kuni “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tashabbusi bilan tashkil etilgan tungi media-turda o‘nga yaqin ommaviy axborot vositalari vakillari dastlab “Toshkent-janubiy” temir yo‘l vokzalidagi so‘nggi o‘zgarishlar bilan tanishdi.
Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 56-, 55-sonli yo‘lovchi poyezdlari qatnovda manzili uzoq va yo‘lovchilar talabi yuqori bo‘lgan tarkib sanaladi. Shu bois “O‘ztemiryo‘lyo‘-lovchi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yil davomida "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi" aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilgan 17 ta yangi plaskart turdagi yo‘lovchi vagoni sotib olindi hamda mavjud 50 dan ortiq plaskart vagonlar esa ushbu zavodda modernizatsiya qilindi. Ayni kunlarda Toshkent – Xiva – Toshkent, Andijon – Xiva – Andijon, Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent, Toshkent – Termiz – Toshkent yo‘nalishlarida yangi xarid qilingan hamda modernizatsiya qilingan plaskart vagonlar yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qilmoqda.
Shuningdek, Jamiyat vagon parki imkoniyati cheklangan yoki bemorlarga mo‘ljallangan 3 ta maxsus kupe vagoni bilan to‘ldirildi. Ushbu vagonlarning 2 tasi Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishidagi, 1 tasi Toshkent – Olot – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdlari tarkibiga ulangan.
Jamiyat tomonidan tashkil etilgan tungi media-turda bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishidagi poyezd tarkibiga qo‘shilgan yangi vagonlarda safarga chiqib, “ming marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan yaxshi” maqoliga amal qilgan holda yangi vagonlarning imkoniyatlari va qulayliklari, yo‘lovchilarning ushbu o‘zgarishlarga munosabatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, o‘rganishdi.
– Bugungi kunda yo‘lovchilarimizga yaxshi sharoitlar yaratish maqsadida plaskart vagonlar xarid qilish rejalashtirilgan edi, – deydi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatining Mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish filiali boshlig‘i Suhrobbek Davletov. – 2023 yil boshidan 17 ta yangi plaskart vagon sotib olinib, harakatdagi 50 dan ortiq vagonlarimiz modernizatsiya qilindi. Buning natijasida yo‘lovchi poyezdlarimizda vagonlar soni ko‘payib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qamrovi ham kengaydi. Bu esa temir yo‘l kassalarida chiptalar taqchilligi muammosini ham hal qilishga imkoniyat yaratdi. Nega aynan Toshkent – Xiva hamda Toshkent – Qo‘ng‘irot yo‘nalishidagi poyezdlarga yo‘lovchi vagonlar soni ko‘paytirildi, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Chunki bu yo‘nalishlar mahalliy qatnovlardagi poyezdlar orasida eng uzoq vaqt harakatlanadigan yo‘nalish hisoblanadi. Sababi bu poyezdlarimiz yo‘l davomida bir tomonga 13 va undan ortiq soat vaqt davomida harakatlanadi. Vagonlardagi qulayliklar haqida gapiradigan bo‘lsak, avvalgi plaskart vagonlarda sovitish tizimi bo‘lmagan. 2023 yildan ishlab chiqarilishi boshlangan yangi plaskart vagonlarda esa sovitish tizimi (konditsioner) o‘rnatilgan, havo aylanishi yaxshi ishlaydi, suv qaynatish jarayoni ham avvalgidek ko‘mir yonilg‘isida emas, balki elektr toki bilan amalga oshiriladi, shuningdek, har bir yo‘lovchi uchun telefonni quvvatlovchi moslamalar mavjud. Eng muhimi, har bir vagonimiz muzlatgich bilan taʼminlandi. Shuningdek, har bir kupe hamda yon tomondagi o‘rindiqlar alohida parda bilan to‘siladi. Bu qulaylikdan yo‘lovchilar juda mamnun bo‘lishmoqda. 2024 yilda ham bu borada amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab olganmiz. Xususan, har yili bu kabi vagonlardan 50-60 tagacha xarid qilishni rejalashtiryapmiz.
Toshkent – Xiva yo‘nalishidagi poyezd kechki soat 21:17da “Toshkent-janubiy” vokzalidan harakatlanib, ertalab soat 10:30da “Xiva” vokzaliga yetib keldi. Shundan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari temir yo‘l mutaxassislari va yo‘lovchilardan sohada amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida intervyular olgach, “Xiva” vokzali sharoitlari bilan ham yaqindan tanishdi. Shu kuni soat 17:20da Xiva – Toshkent yo‘nalishida so‘nggi yillardagi eng ko‘p vagon tarkibiga ega, yaʼni 24 ta yo‘lovchi vagondan iborat 55-sonli yo‘lovchi poyezdi Toshkent sari harakatlandi. Yo‘lovchilarning talabidan kelib chiqib, tarkibga yana 3 ta kupe vagoni qo‘shildi hamda 940 nafar yo‘lovchiga chipta sotildi.
Jurnalistlar Xiva – Toshkent yo‘nalishida qatnovini amalga oshirgan ushbu poyezdda ham aynan tunggi payt tasvirga olish ishlarini amalga oshirib, yo‘lovchilar bilan vagondagi sharoitlar haqida suhbatlar uyushtirdi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida bunday tungi media turlarni boshqa yo‘nalishlarda qatnovini amalga oshirayotgan yo‘lovchi poyezdlarida hamda temir yo‘l vokzallarida ham tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI