Qo‘shma loyihani ilgari surish: "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va Italiyaning "ARSENALE Group" kompaniyasi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi
2023 yil 21 dekabrda Italiyada "O‘zbekiston temir yo'llari" AJ va Italiyaning "ARSENALE Group" kompaniyasi o‘rtasida navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, bu esa O‘zbekistonda turistik poyezdni ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishga bir qadam yaqinlashtirdi.
2023-yil 17-oktabrda Samarqandda BMT Jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida imzolangan Memorandum natijasida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va Italiyaning "ARSENALE Group" kompaniyasi sayyohlik poyezdini ishga tushirishda hamkorlikka o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdi. Ushbu hujjat turistik poyezdni ishga tushirish bo‘yicha birinchi loyihaning boshlang‘ich nuqtasi bo‘ldi.
Muzokaralar davomida "O‘zbekiston temir yo'llari" AJ delegatsiyasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari X.Raxmetov boshchiligida Brindisi shahridagi yo‘lovchi vagonlari qurilishi zavodiga tashrif buyurdi. Zavodda yuqori sifatli va qulay vagonlar ishlab chiqarish namoyish etildi. Zavod ilg‘or texnik uskunalar va innovatsion ishlab chiqarish usullarini qo‘llash bilan mashhur va VIP sayyohlar uchun yo‘lovchi vagonlarini yaratishga ixtisoslashgan.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi shartnomani ishlab chiqish va uni imzolash bo‘ladi. Ushbu shartnoma tomonlarning majburiyatlarini jamlovchi va O‘zbekistonda turistik poyezdni yo‘lga qo‘yish loyihasi tafsilotlarini belgilovchi asosiy hujjat bo‘ladi. Qo‘shma loyiha ko‘plab sayyohlarni jalb etishi va mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI