“Sharg‘unko‘mir” AJni modernizatsiya qilish ishlari yakunlandi

Bugun, 2023-yil 26 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan mamlakatimizning eng yirik ko‘mir konlaridan biri “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari to‘liq tugatilib, foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev, boshqarma boshliqlari, temiryo‘lchi muxatassislar hamda “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

Kon-geologiya vaziri o‘z tabrik so‘zida “Sharg‘unko‘mir” AJ tarixi, so‘nggi yillarda ko‘mir qazib olish sanoatiga berilayotgan ulkan e’tibor, kondan qazib olinadigan toshko‘mirning yurtimiz iqtisodiyoti, sanoatga qo‘shadigan hissasi katta ekanligini ta’kidladi.

Surxondaryo viloyati hokimi yangi konning ochilishi 2024-yilda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani va Sharg‘un shahri aholisi, “Sharg‘unko‘mir” AJ xodimlariga o‘ziga xos sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev O‘zbekison Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 yanvardagi “Sharg‘unko‘mir” UKni modernizatsiya qilish va loyiha quvvatini yiliga 900 ming tonnagacha toshko‘mir qazib olishga yetkazish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq korxonada katta qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilganligini ta'kidladi. Barcha sexlar qayta rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etildi. Shunga muvofiq, “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini Modernizatsiya qilish bo‘yicha mazkur yirik investitsiya loyihasining buyurtmachisi sifatida Xitoyning “China Railway Tunnel Group Co., Ltd.” va “China Coal Technology & Engineering Group Corp. kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 105,5 million AQSH dollarini tashkil etdi. Shu jumladan, 89,8 million AQSH dollari esa bevosita Xitoy Xalq Resublikasining Eksimbanki hisobidan olindi.

Ajratilgan mablag‘lar hisobiga yuqori ish unumdorligiga ega zamonaviy uskunalarni joriy etgan holda korxonaning texnik va texnologik bazasini qayta yangilash hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, shu bilan bir qatorda ko‘mir qazib olish hajmini yiliga 900 ming tonnagacha oshirish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan. Buning natijasi o‘laroq, ko‘mir qazib olish tannarxini sezilarli kamaytiradi.
Joriy yil yanvar oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ko‘mir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishib, mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan energiya quvvatlariga talab oshib borayotganiga alohida eʼtibor qaratilgandi.
Ushbu ehtiyojni taʼminlash uchun barcha manbalar qatori ko‘mir qazib olish hajmi kengaytirilgani va oxirgi besh yilda bu ko‘rsatkich yiliga 4 million tonnadan 5 million 300 ming tonnaga oshirildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimiz hududida qariyb 2 milliard tonna ko‘mir zaxiralari mavjud. Davlatimiz rahbari bu salohiyatdan samarali foydalanib, ko‘mir qazib olish hajmini izchil oshirish vazifasini qo‘ygan edi.
Taqdimotda shu borada qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi. Xususan, joriy yilda “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish loyihasi yakunlanadi. Hozirgi kunda loyiha doirasida yer osti qurilish ishlari to‘liq yakunlandi. Tog‘-kon uskunalarining 90 foizi olib kelindi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatidan 10-sonli shtolnya sanoat maydonigacha 23 998 metr temir yo‘l izlari yotqizildi.

Prezidentimiz “Sharg‘un” va “Boysun” konlarini o‘zlashtirish orqali yuqori sifatli ko‘mir ishlab chiqarishni yana-da kengaytirish imkoniyati borligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

Darvoqe, sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida so‘nggi 5-6 yilda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 52 foizga oshganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu asosiy ko‘rsatkichlarning yildan-yilga o‘sishi bilan o‘z isbotini topmoqda.

Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 40-50° issiqlik quvvatiga ega, temirni ham eritishga qodir bo‘lgan 5200 dan 8100 kkal/kg miqdori va sifati jihatidan o‘ta yuqori bo‘lgan ko‘mir mahsuloti qazib olinmoqda. Birgina Sharg‘un konining o‘zida ko‘mirning balans zaxirasi 33 million tonnani tashkil etmoqda. Statistik maʼlumotlarga nazar solsak, 1958 yildan 2022 yilga qadar qazib olingan ko‘mir 9,3 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kungacha bo‘lgan tarixda eng yuqori ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichlari 2019 yilda 245 ming tonna, 2020 yilda 264 ming tonna, 2021 yilda 275 ming tonna va 2022 yilda 282 ming tonnani tashkil etdi. Ishlab chiqarish hajmining yildan-yilga o‘sib borishi Jamiyatning moliyaviy ahvolini yaxshilanishiga va ko‘mir qazib olish tannarxini pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Modernizatsiya loyihasi yakuniga yetkazilgani tufayli korxonadagi ishchi-xodimlar sonini 536 nafardan 1015 nafargacha yetadi. Qo‘shimcha besh yuzga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligini taʼminlanadi.

Tantanali tadbirdan keyin jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil qilinib, korxonaning yangi ma’muriy binosi bilan tanishtirildi, investitsiya loyihasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI