
Aziz va qadrli temiryo‘lchilar!
Sizlarni va sizlar orqali oila-aʼzolaringizni kirib kelayotgan Yangi – 2024 yil bilan samimiy muborakbod etamiz.
Taʼkidlash kerakki, yakunlanayotgan 2023 yil temir yo‘l transporti sohasi uchun yutuq va o‘zgarishlarga boy yil bo‘ldi.
Joriy yilda oldimizga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, yirik loyihalar, bunyodkorlik ishlari muvaffaqiyatli bajarildi. Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan temir yo‘l transportini yana-da takomillashtirish va rivojlantirish, xizmatlar turini ko‘paytirish, sifatini yaxshilash masalalari yangi bosqichga ko‘tarilib, sohamizni isloh qilishga alohida eʼtibor qaratila boshlandi.
Davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbuslari bilan, O‘zbekiston temir yo‘llarini jahon temir yo‘l transporti talablariga har tomonlama javob beradigan mustahkam, zamonaviy tizimga aylantirish maqsadida temir yo‘l transporti xizmatlar bozorini isloh qilish, sohada raqobat muhitni yaratish, istiqbolli investitsion loyihalar samaradorligini oshirish, temir yo‘l transporti sohasida tarkibiy o‘zgarish va yangilanishlarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi. Ayni kunlarda bu boradagi ishlar o‘zining ijobiy samaralarini bera boshladi.
Mamlakatimiz hayoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida qo‘lga kiritilgan barcha ijobiy ko‘rsatkichlarda, bunyodkorlik ishlari va tarixiy yutuqlarda albatta, sizlardek mehnatsevar, shijoatli va fidoyi insonlarning hissasi katta bo‘lganligini alohida eʼtirof etamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Prezidentimizning “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan so‘zlarini chuqur his etgan holda temir yo‘l sohasi uchun masʼuliyatli va tarixiy loyihalarga boy bo‘lishi kutilayotgan 2024 yilda sizlar bilan birgalikda, yelkama-yelka turib, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va temir yo‘l ravnaqi uchun bor salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni ishga solib mehnat qilamiz, deb ishonamiz.
Yangi yil barchangizning xonadoningizga baxt va omad olib kelsin!
Oilalaringizdan xursandchilik va shodiyona kunlar arimasin!
Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, sohamiz rivoji yo‘lida mehnat qilishda aslo charchamang!
Barchamiz uchun Yangi yilning qadami qutlug‘ kelsin!
Hurmat bilan,
“O‘zbekiston temir yo‘llari”
aksiyadorlik jamiyati
boshqaruvi raisi
Z.Narzullayev
O‘zbekiston temiryo‘lchilari va
transport quruvchilari kasaba
uyushmasi Respublika
Kengashi raisi
Q.Sabirov
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI