100 nafar payvandchi “Dual” taʼlim asosida o‘qishni boshladi
Maʼlumki, 2024 yilning 2 oktyabr kuni “Quyuv-mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida Toshkent davlat transport universiteti filiali bazasidagi Payvandlashga ixtisoslashgan o‘quv markazi ochilgan edi.
Markaz rivojlangan xorijiy mamlakatlar talablari asosida yuqori malakali, mahoratli, payvandlash sohasida professional mutaxassislarni “dual” taʼlim tizimida tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan. Markaz 2025 yil boshidan yana 100 nafar tinglovchini qabul qildi.
Markazning asosiy vazifasi zamonaviy talablarga mos yuqori malakali payvandlash mutaxassislarini tayyorlashda nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etishdan iborat. Ilg‘or xorijiy turdosh, ixtisoslashtirilgan markazlarning o‘quv dasturlari asosida zamonaviy, potensial ish beruvchilarning talab va takliflari bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarning konsepsiyasi ishlab chiqilgan.
Bu yerda bir vaqtning o‘zida 150 nafar tinglovchi tahsil olish imkoniyatiga ega. Taʼlim jarayoniga Toshkent davlat transport universiteti maxsus kafedralaridan hamda sanoat korxonalaridan tajribali, professional mutaxassislar jalb etilgan. Shuningdek, xorijiy professor-o‘qituvchilar ham tinglovchilarga kasb sirlarini o‘rgatishmoqda.
Nazariy taʼlim jarayonini tashkil etish uchun 5 ta zamonaviy o‘quv auditoriyalari, amaliy mashg‘ulot uchun 13 ta payvandlash postidan iborat o‘quv poligoni va zamonaviy jihozlangan axborot-resurs markazi, kutubxona hamda professor-o‘qituvchilar xonasi mavjud.
Tinglovchilar turar joyi 73 ta xonadan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 150 nafar tinglovchi joylashishi uchun mo‘ljallangan.
O‘quv jarayonining davomiyligi – 12 hafta bo‘lib, shundan 4 hafta nazariy hamda 8 hafta amaliy mashg‘ulotlardan tashkil topgan.
O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Toshkent davlat transport universiteti bilan Gomel davlat texnika universiteti hamkorlikda MDH mamlakatlarida tan olinadigan Xalqaro sertifikat taqdim etiladi.
Sertifikatga ega bo‘lgan bitiruvchilar mamlakatimiz hamda xorijda professional mutaxassis sifatida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI