Ilmli, madaniyatli va fidoyi temiryo‘lchi Baxoldin Vladimir Yakovlevich 75 yoshda

Baxoldin Vladimir Yakovlevich umrining qariyb 50 yilini O‘zbekiston temir yo‘llari rivojiga bag‘ishlagan sohamizning fidoyi kasb egalaridan biri. Bugun 75 yoshni qarshi olgan nafaqadagi temiryo‘lchini nafaqat hamkasblari va shogirdlari, balki “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati ham munosib tabrikladi. 

Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati nomidan bir guruh temiryo‘lchilar Baxoldin Vladimir Yakovlevich xonadoniga borib, Jamiyat rahbariyati nomidan esdalik sovg‘alari va Boshqaruv raisi Z.Narzullayevning tabriknomasini o‘qib eshittirishdi. Ushbu yuksak e’tibordan Vladimir Yakovlevich juda minnatdor bo‘ldi. 

Ta’kidlash lozimki, Baxoldin Vladimir Yakovlevich 1950 yil temiryo‘lchilar oilasida tavallud topdi. Otasi Baxoldin Yakov Vasilyevich O‘rta Osiyo temir yo‘llari boshqarmasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan. Baxoldin Vladimir Yakovlevich ham ota kasbini tanlab, 1973 yil Temir yo‘l muhandislari institutini tugatib, sohadagi professional faoliyatini temir yo‘lning eng quyi bo‘g‘inlarida boshladi. Dastlab “Toshkent” uzelidagi turli stansiyalarda navbatchi, manyover dispetcheri, “Qizil To‘qimachi” stansiyasi dispetcheri hamda “Toshkent” uzelida turli yo‘nalishlarda samarali mehnat qildi. O‘z davrida uning fidoyi va samari mehnati temir yo‘l rahbariyati tomonidan e’itobrga olinib, faoliyatida bosqichma-bosqich yuqori mansab pog‘onalariga ko‘tarildi. “Toshkent” uzelida bosh muhandis, “Toshkent-yuk” stansiyasi rahbari kabi lavozimlarda ishonchli mehnat qilib, faoliyatining so‘nggi yillariga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosarigacha bo‘lgan mehnat pillapoyalarida xizmat ko‘rsatib, temir yo‘llarimizning taraqqiyotiga yuksak hissasini qo‘shdi.

U mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki murakkab yillarida og‘ir axvolda bo‘lgan temir yo‘llarimizni rivojlantirish, qo‘shni davlatlardan yuk va yo‘lovchi poyezdlarimizni o‘tkazish grafiklarini qayta tuzish uchun muhim kelishuvlarga erishishda munosib hissasini qo‘shdi. Ayniqsa, sohani texnik va texnologik taraqqiyotida, tajribali mutaxassislarni yetishtirishda zalvorli mehnat qildi. O‘zidan ko‘plab shogirdlar qoldirdi, yaxshi, bilimli, ilmli muhandislarni yetishtirdi. Bugun Baxoldin Vladimir Yakovlevichni yuzlab shogirdlari nafaqat yurtimiz temir yo‘llarini rivojlantirishga, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida ham temir yo‘l sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda. 

U ilmli, madaniyatli, kamtar, fidoyi va kasbining mohir mutaxassisi hamda halol insondir. Temir yo‘lgao‘zidagi bor bilimini, mehrini, mehnatini, eng muhimi hayotini berdi. Bu inson kelajakni ko‘ra oladigan, metin irodali, kuchli ilmga ega mutaxassisdir. 

Muxtasar qilib aytganda, Baxoldin Vladimir Yakovlevichning mehnat faoliyati, qoldirgan tajribasi, o‘zi tarbiyalagan ilmli-bilimli shogirdlari uzoq yillartemir yo‘llarimiz rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda. Uning ibratli va halol faoliyati bugungi kundagi har bir temiryo‘lchiga o‘rnak bo‘lishi lozim.

Baxoldin Vladimir Yakovlevichga esa muborak 75 yoshingiz qutlug‘ bo‘lsin, deb qolamiz.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI