“Jaloliddin Manguberdi” poyezdlariga texnik xizmat ko‘rsatish sexi ochildi

Bugun, 2025-yil 29-dekabr kuni "O'zbekiston temir yo'llari" AJning tezyurar elektr poyezdlariga texnik xizmat ko'rsatish markazida Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan O'zbekiston uchun ishlab chiqarilgan "Jaloliddin Manguberdi" tezyurar poyezdlariga xizmat ko'rsatishga mo'ljallangan yangi sex rasman ochildi.

Shuningdek, marosim davomida “Sun’iy intellektga asoslangan eng yaxshi innovatsion g‘oya” nominatsiyasida yosh mutaxassislar taqdirlandi.

Shu munosabat bilan tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, boshqarma, departament hamda aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari zamonaviy depo faoliyati bilan yaqindan tanishib, mutaxassislar bilan muloqot qilishdi, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarga servis va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarining barcha bosqichlarini bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. 

Ta’kidlash joizki, Markaz 2018-yil 12-iyuldan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va yuqori tezlikdagi elektr poyezdlarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Ilgari bu yerda faqat “Afrosiyob” poyezdlariga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2026-yildan yangi infratuzilma “Jaloliddin Manguberdi” rusumli elektropoyezdlarga xizmat ko‘rsatadi.

Depo zamonaviy asbob-uskunalar va zarur vositalar bilan jihozlangan. Majmua markaziy elementi real vaqt rejimida poyezdlar harakatini nazorat qilishda asosiy rol o‘ynaydigan dispetcherlik punktidir. Bundan tashqari, 2025-yilda “Temiryo‘lekspress” AJ xodimlari tomonidan yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarda ishlaydigan mashinistlar va ularning yordamchilarining malakasini oshirish maqsadida ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 avgustdagi PQ–289-sonli qaroriga muvofiq, Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6 dona yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlari xarid qilindi. Ushbu qaror asosida “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlariga texnik xizmat ko‘rsatish uchun 2025 yil “Temiryo‘lekspress” aksiyadorlik jamiyatining 15 nafar mutaxassislari Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasida o‘qib kelishdi. 2026 yilda esa yana 90 nafar mutaxassi o‘qitilishi rejalashtirilgan. 

Markaz infratuzilmasi yangi poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun maxsus binolar qurish orqali yanada kengaytirildi. Uch qavatli bino birinchi qavatda harakatlanuvchi qismlarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun ishlab chiqarish maydonlariga ega, yuqori ikki qavatda esa ma’muriy xodimlar joylashgan. Bundan tashqari, 1000 kvadrat metr maydonga ega yangi sex ishga tushirildi.

Bundan tashqari, yangi qurilgan  texnik xizmat ko‘rsatish syexida O‘zbekistonda birinchi bor 25 000 Volt kuchlanishli kontakt liniyalari syex ichida o‘rnatildi. Sex ichidagi kontakt liniyalari elektropoyezdlarni manyovr ishlarini tezlashtirishga hamda texnik xizmat ko‘rsatishga ketadigan vaqtni qisqartirishga yordam beradi.

Energiya samaradorligi va ekologiyaga kelsak, markazning energiya ta’minotining katta qismini quyosh energiyasi ta’minlayotganini ta’kidlash lozim. Saytda o‘rnatilgan 250 kVt quvvatga ega quyosh panellari har oyda 11 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir.

Markaz hududida yomg'ir suvini yig'ish va qayta ishlash uchun samarali tizim tashkil etilgan bo'lib, bu ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun etarli miqdordagi texnik suvni ta'minlashga imkon beradi.

Bundan tashqari, atrof-muhitga zararni kamaytirish uchun yordamchi operatsiyalar uchun ishlatiladigan va ekosferaga salbiy ta'sir ko'rsatmaydigan elektr tortish kuchiga ega manyovr lokomotivi (lokomotiv) sotib olindi.

Xulosa qilib shuni aytish kerakki, 6 ta yangi poyezd sotib olinishi natijasida yuqori tezlikdagi elektr poyezdlari soni 12 taga ko‘payadi.

2026-yildan boshlab “Jaloliddin Manguberdi” poyezdlari Toshkent-Urganch-Xiva yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib, bor-yo‘g‘i yetti soatda 1100 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun: Bugungi kunda O‘zbekiston “Global High-Speed Train Ranking” reytingiga ko‘ra, yuqori tezlikdagi temir yo‘l transporti rivojlangan 17 ta davlat qatoriga kiradi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI