Umumxalq  hasharida temir yo‘l hududlari obodonlashtirilib, yashil makonlar soni yanada ortdi

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga ko‘ra, mamlakatimizda Navro‘z bayramini munosib nishonlash va Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida 13-14 mart kunlari “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxona va tashkilotlari ishchi-xodimlari ham ushbu ezgu shior ostida o‘tgan hasharda faol ishtirok etishdi. Ikki kunlik obodlik tadbirida respublikamiz bo‘ylab 40 mingdan ortiq temiryo‘lchilar munosib qatnashib, o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar atrofini obodonlashtirishdi va ko‘rkam holatga keltirishdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati markaziy binosida faoliyat olib boruvchi ming nafarga yaqin soha xodimlari ham o‘zlari mehnat qilayotgan hududlarni, ariq va ko‘chalarni, xiyobonlarni tozalab, obodonlashtirishdi. E’tiborlisi bu galgi umumxalq hasharida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish tadbirlariga ham katta ahamiyat qaratilib, boshqaruv apparatida 400 nafararga yaqin kiparis, fotiniya, sakura, mojevelnik, beryoza, shamshod kabi daraxtlar, manzarali va gul ko‘chatlari ekildi.

Shuningdek, tarmoq korxonalari atroflariga yuzlab, minglab daraxt ko‘chatlari ekildi. Barcha aksiyadorlik va mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, mintaqaviy temir yo‘l uzellari, tibbiyot muassasalari, vokzal va stansiyalarda faoliyat yurituvchi ishchi-xodimlar obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘tarinki ruh bilan amalga oshirishdi.

Hashar davomida korxona va tashkilotlar hududlarini toza va ozoda saqlash maqsadida ko‘cha va yo‘laklarni tozalash, hududlarni obodonlashtirish, daraxtlarni oqlash hamda butalash kabi ishlar ham amalga oshirildi.

Mazkur tashabbuslar sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sanitariya-gigiyena madaniyatini yuksaltirish hamda atrof-muhitni asrashga xizmat qiladi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI