O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Amirligi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda temir yo‘l transporti-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan yana bir qadam

O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Amirligi o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib bormoqda. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning yanada kengayishiga xizmat qilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Afg‘oniston Jamoat ishlari vazirligi o‘rtasida tuzilgan kelishuvga muvofiq, Hayraton–Mazori-Sharif temir yo‘l liniyasida ekspluatatsiya ishlari “Sogdiana Trans” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. So‘nggi vaqtlarda mazkur temir yo‘l liniyasi orqali yuk tashish hajmlari izchil ravishda oshib borayotgani kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan yuklarni qabul qilish va qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Naibobod stansiyasi hududida joylashgan Port №4 shaxobcha yo‘li kengaytirildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida temir yo‘l uzaytirildi hamda qo‘shimcha ravishda 425 metr temir yo‘l izi yotqizildi.

Mazkur infratuzilma yangilanishi natijasida shaxobcha yo‘lining vagon qabul qilish imkoniyati sezilarli darajada oshirilib, qo‘shimcha 25 ta vagongacha qabul qilish imkoniyati yaratildi. Bu esa yuklarni tushirish jarayonini tezlashtirish, vagonlarni qayta ishlash samaradorligini oshirish hamda yuk tashish jarayonlarini yanada tizimli tashkil etishga xizmat qiladi.

Amalga oshirilgan ushbu ishlar Afg‘oniston tadbirkorlari tomonidan yuksak baholanib, temir yo‘l orqali yuk tashish imkoniyatlarining kengaytirilgani alohida e’tirof etildi.

Umuman olganda, mazkur infratuzilmaviy loyiha O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Amirligi o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, savdo aylanmasini oshirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI