Media-tur: OAV “Toshkent-Janubiy” vokzalida yaratilgan qulayliklar bilan tanishishdi
Joriy yilning 14-aprel kuni ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Toshkent-janubiy” temir yo‘l vokzaliga media-tur tashkil etilib, unda jurnalistlar yo‘lovchilar uchun yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar va imkoniyatlar bilan yana bir bor tanishishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi “Temir yo‘l sohasini tubdan isloh qilish to‘g‘risida”gi 329-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati hamda “Temir yo‘l vokzallari” mas’uliyati chekalangan jamiyati tomonidan temir yo‘l vokzallarida yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish, ularga sifatli servis xizmatlar ko‘rsatish, tadbirkorlar faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, 2017-yilda tubdan rekonstruksiya qilingan “Toshkent janubiy” temir yo‘l vokzali mamlakatimizning eng katta vokzallaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu vokzaldan bir sutka mobaynida 18 ta yo‘nalishda mahalliy, 5 ta yo‘nalishda shaharlararo poyezdlar harakatlanib, 10 ming nafardan ortiq yo‘lovchi foydalanmoqda.
Jahon andozalariga mos yuqori servis xizmati ko‘rsatishga mo‘ljallangan “VIP” va kutish zali shinam, barcha qulayliklarga ega hamda televizion axborot vositalari bilan jihozlangan. Shuningdek, ona va bola xonasi, elektron kutubxona, “WiFi” internet xizmati, tibbiyot xonasi, qo‘l yuki aravachasi, nogironlar aravachasi, mobil qurilmalar uchun quvvatlantirish manbai, elektron ma’lumotlar tablosi, zamonaviy lift yo‘lovchilar xizmatida.
Iqlim musaffoligini ta’minlab turadigan 14 metrlik ikkita zamonaviy favvora vokzalga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab turibdi.
“Toshkent-janubiy” vokzalida yo‘lovchilar uchun quyidagi yangi qulayliklar mavjud:
• Vokzalda yo‘lovchilarni kuzatib keluvchi hamrohlariga temir yo‘l vokzalining perron hududigacha bemalol hech qanday hujjatlarsiz kirish imkoniyati;
• Vokzal hududida qator avtoturargoxlar hamda avtomashinalar vokzalning kirish eshigi hududigacha xarakatlana olishi joriy etildi;
• Texnologik xizmat ko‘rsatish: poyezdlar haqida tezkor ma’lumot beruvchi elektron tablolari va zamonaviy terminallar soni ko‘paytirildi.
Ushbu vokzaldan Toshkent – Xiva, Toshkent – Buxoro, Toshkent – Shovot, Andijon – Toshkent – Termiz, Toshkent – Qo‘ng‘irot, Toshkent – Termiz, Toshkent – Sariosiyo, Andijon – Olot, Andijon – Toshkent – Urganch, Andijon – Xiva kabi mahalliy yo‘nalishlarga qatnovlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent – Chinorkent, Toshkent – Xovos, Toshkent – Bekobod, Toshkent – Sirdaryo, Toshkent – Guliston yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi shaharlararo poyezdlar ham ushbu vokzaldan qatnaydi.
Bugun ushbu vokzalda yo‘lovchilar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Vokzal hududida “Qo'noq South Railway Hotel” mehmonxonasi faoliyatini boshladi.
Mehmonxonada 50 kishilik yashash joylari mavjud bo‘lib, 1 ta lyuks xona, 1 ta delyuks xona, 2 ta tripl xona, 1 ta standart xona, 2 ta “hostel” xonalar mavjud.
Mazkur mehmonxonaning ishga tushirilishi “Toshkent-janubiy” temir yo‘l vokzali hududida yo‘lovchilar, sayyohlar hamda shahrimiz mehmonlariga zamonaviy va sifatli mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish imkonini yanada kengaytiradi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI