Qozog‘istondan Afg‘onistonga navbatdagi insonparvarlik yordami yetkazildi
2026-yil 7-iyun kuni Qozog‘iston Respublikasidan yuborilgan insonparvarlik yordami ortilgan 8 ta vagonda Afg‘onistonning Balx viloyatidagi Hayraton stansiyasiga yetib keldi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan shakar, matras, chodir hamda dori-darmon mahsulotlari o‘rin olgan bo‘lib, ushbu yuklar temir yo‘l transporti orqali belgilangan manzilga o‘z vaqtida yetkazildi.
Joriy yilning 9-iyun kuni mazkur yordam yuklarini topshirish marosimi tashkil etilib, unda Qozog‘iston Respublikasining Afg‘onistondagi elchisi ishtirok etdi. Hayraton stansiyasiga kelgan insonparvarlik yordami Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi vakillari tomonidan qabul qilindi.
Tadbir davomida insonparvarlik yordami yuklari tegishli mas’ul tashkilotlar va vakillarga topshirildi. Marosimda “Sogdiana Trans” MChJ jamoasi ham faol ishtirok etib, yuklarni qabul qilish va topshirish jarayonlarining samarali tashkil etilishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Ta’kidlash joizki, 2026-yil boshidan buyon Qozog‘iston Respublikasidan temir yo‘l orqali Afg‘onistonga yo‘naltirilgan 1 million tonnaga yaqin yuklar “Sogdiana Trans” MCHJ tomonidan Hayraton ‒ Mozori Sharif temir yo‘li orqali qabul qilinib, yuk oluvchilarga o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli yetkazib berilishi ta’minlandi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI