O‘zbekiston Respublikasi IIV Birlashgan tahririyati va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyati hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Hamkorlik bitimini "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev hamda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o’rinbosari general-mayor Bahodir Mirzaraximov imzolashdi.
Mazkur hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad ‒ temir yo‘l transporti obyektlari va hududlarida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazishdan iborat.
Tomonlar hamkorlik doirasida temir yo‘l transportida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan maqolalar, videoroliklar va infografikalarni tayyorlash hamda tarqatish, shuningdek, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ faoliyati, sohadagi yangiliklar, zamonaviy poyezdlar va vokzallardagi xavfsizlik tizimlarini yorituvchi qo‘shma ko‘rsatuvlar, reportajlar va intervyular yaratish bo‘yicha kelishib oldilar. Bundan tashqari, temir yo‘l vokzallari, kutish zallari va poyezdlar vagonlaridagi monitorlar hamda reklama maydonlarida huquqiy-targ‘ibot materiallarini namoyish etish, aholi va temir yo‘l xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Birlashgan tahririyat nashrlarini yetkazib berish hamda tarqatish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida qo‘shma brifinglar, press-turlar va ijtimoiy so‘rovnomalar tashkil etish hamda bayramlar va soha xodimlarining kasb bayramlari munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar va matbuot yarmarkalarini o‘tkazish ham hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.
Ushbu memorandum ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni mustahkamlash hamda yo‘lovchilar va temir yo‘l xodimlari uchun xavfsiz muhitni ta’minlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI