“Burchi-Mullo” oromgohida ham 1-mavsum boshlandi
Joriy yilning 11-iyun kuni “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi “Burchi mullo” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga temiryo‘lchilarning 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 320 nafar o‘g‘il-qizlari Toshkent shahridan 1-mavsumga kuzatildi.
O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining imtiyozli yo‘llanmalari asosida yo‘lga chiqqan har bir bolajon dastlab Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi hamda Yo‘l bolalar shifoxonasi shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. So‘ng huquq-tartibot xodimlari kuzatuvida, maxsus mikroavtobuslarda Toshkent viloyatining so‘lim tog‘ bag‘rida joylashgan oromgohga xavfsiz yetkazildi.
Ta’kidlash lozimki, “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan “Burchi mullo” oromgohini mavsumga tayyorlash ishlari namunali tarzda olib borildi. Soha farzandlari tabiati ko‘rkam, soya-salqin go‘zal maskanda ta’tilni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bolajonlarning vaqtini mazmunli va maroqli o‘tkazishi uchun oromgoh hududi zamonaviy attraksionlar, bolalar o‘yin maydonchalari va shinam suv havzalari bilan ta’minlangan.
Ularga kun davomida 4 mahal mazali va yuqori kaloriyali issiq taomlar tortiq etiladi. Tajribali va oliy ma’lumotli tarbiyachilar har bir guruhni nazorat qilib, dam oluvchilarni kunini maroqli o‘tishiga hissa qo‘shishadi. Shuningdek, ularning ma’naviy bilimlarini oshirish maqsadida boy kitob fondiga ega kutubxona ham faoliyat yuritmoqda.
Ushbu oromgohda 11-iyundan 2-avgustga qadar temiryo‘lchilarning 1280 nafar farzandlari 4 ta mavsumda 12 kundan sog‘lomlashtiriladi. 1-mavsum 11-iyundan boshlangan bo‘lsa, 2-mavsum 25 iyunda boshlanadi. 3-mavsum esa 9-iyuldan, so‘nggi 4-mavsum 23-iyulda bolajonlarni qabul qiladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI