Temiryo‘lchilar transport sohasidagi “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasida faol ishtirok etmoqda
Joriy yilning 15 iyul kuni, Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Sof Expo” ko‘rgazma markazida transport sohasiga bag‘ishlangan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi ish boshladi.
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Transport vazirligi hamda transport sohasining yirik davlat buyurtmachilari va tarmoq korxonalari hamkorligida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma 16 iyulga qadar davom etadi.
Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov boshchiligidagi sanoat korxonalari, uzel va boshqarma rahbarlari hamda yetakchi mutaxassislar faol ishtirok etmoqda.
Tadbirning ilk kunida “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” hamda “Andijon yuk vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy yo‘lovchi va turli rusumdagi yuk vagonlari namoyish etildi. Shuningdek, “Quyuv-mexanika zavodi”, “Toshkent-mexanika zavodi” va “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” aksiyadorlik jamiyatlarining tajribali mutaxassislari mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilgan sifatli va mustahkam sanoat mahsulotlarini taqdim etmoqda. Ko‘rgazma pavilonlaridan yengil hamda og‘ir turdagi texnikalar uchun zarur bo‘lgan noyob ehtiyot qismlar ham joy olgan.
Temir yo‘l korxonalarining mahsulotlari ko‘rgazma ishtirokchilari, yirik korxonalar mutaxassislari va tadbirkorlar tomonidan yuqori baholanib, katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ta’kidlash lozimki, “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmalari yirik davlat va korporativ buyurtmachilarining ehtiyojlari asosida mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda yangi loyihalarni shakllantirishga xizmat qiluvchi doimiy platformadir.
Mazkur platformaning amaliy natijalari joriy yil may oyida Ohangaronda o‘tkazilgan tog‘-kon va metallurgiya sohasiga bag‘ishlangan ilk ko‘rgazmada ham o‘z aksini topgan edi.
Transport sohasiga bag‘ishlangan navbatdagi ko‘rgazmada yirik davlat buyurtmachilarining mavjud va istiqboldagi xarid ehtiyojlari taqdim etilmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa o‘z mahsulotlari, butlovchi qismlari, texnologik yechimlari hamda import o‘rnini bosuvchi ishlanmalarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida davlat xaridlari, mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasi, logistika va investisiyalar yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy uchrashuvlar hamda B2B va B2G formatidagi muloqotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI