Zamonaviy poyezdda yuqori sifatli xizmat

O‘tgan 2021 yilda “Afrosiyob” orqali 850 ming nafardan ziyod yo‘lovchi mazkur zamonaviy poyezdda o‘z manziliga yetkazilgan bo‘lsa, joriy 2022 yilda ham bu ko‘rsatkich yanada oshishi kutilmoqda. 

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Afrosiyob” elektropoyezdlari poytaxtimizdan Samarqand, Qarshi hamda Buxoro yo‘nalishi bo‘ylab o‘zining zamonaviyligi hamda sifatli xizmati bilan yurtimiz aholisi va mehmonlariga manzur bo‘lmoqda. Har kuni “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidan erta tongda soat 7:00 dan 8:30 gacha Samarqand, Qarshi va Buxoro yo‘nalishlariga 4 ta “Afrosiyob” poyezdi qatnovi amalga oshiriladi. Shuningdek, Buxoro – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 1 ta “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi qabul qilinadi. Bugungi kunda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Yuqori tezlik harakati” filiali jamoasi tomonidan yo‘lovchilarga sifatli va ishonchli xizmat ko‘rsatilmoqda.

– Xabaringiz bor, “Afrosiyob” elektropoyezdlari o‘z qatnovini boshlaganiga 10 yildan oshdi. – deydi “Yuqori tezlik harakati” filiali boshlig‘i Hasan Sherzodov. – Uchqur va zamonaviy poyezdlarda bugun minglab yo‘lovchilarimiz o‘z manziliga yetkazilmoqda, ularga yo‘l davomida qulay servis xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bu sifatli xizmat yo‘lovchilar ko‘nglidan munosib joy olishiga turtki bo‘layapti, albatta. Poytaxtimiz va Samarqand, Buxoro hamda Qarshi shaharlaridan harakatlanadigan ushbu poyezdlarimizdan foydalanayotgan yo‘lovchilarga 150 nafarga yaqin yosh, bir nechta xorij tillarini biladigan tajribali vagon kuzatuvchilari xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur elektropoyezddan mamlakatimizga dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan xorijlik sayyohlar, ishbilarmon va tadbirkorlar ham doimo foydalangani bois, vagon kuzatuvchilarimiz ingliz, fransuz, koreys va rus tillarida ham erkin muloqot qila olishadi. Bu albatta, xorijlik sayyohlar va yo‘lovchilar uchun yanada qulaylik yaratadi. 

Shu o‘rinda yurtimiz hududida harakatlanayotgan “Afrosiyob” poyezdining yo‘lovchilarimiz uchun manzur bo‘layotgan jihatlari haqida ham aytib o‘tish joiz. Vagonlarda havo harorati, yo‘nalish jadvali va tezlik haqida kompyuter tablosi orqali ma’lumot berib boriladi. Barcha vagonlar qulay va yumshoq o‘rindiqlar, video-monitorlar, mutolaa uchun chiroqlar bilan jihozlangan. Yo‘l davomida yo‘lovchilar tamaddi qilishi uchun turli xil yeguliklar va ichimliklar,  shuningdek, ularga safar davomida milliy hamda xorij filmlari, konsert dasturlari namoyish etilmoqda. Shu bilan birga “Afrosiyob” elektropoyezdida Intranet (Internet bilan adashtirmang!) xizmatidan ham samarali foydalanish mumkin. Ma'lumki, kengqamrovli va barqaror Internetga ulanishda turli xil to‘sqinlik qiluvchi omillar mavjud. O‘rtacha soatiga 200 km.dan yuqori tezlikda harakatlanayotgan “Afrosiyob” poyezdlarida bunday omil aynan yuqori tezlikdir. Shu bois “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati yo‘lovchilarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan loyihani ishga tushirdi. Ushbu platforma maxsus serverlarda joylashgan bo‘lib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etilmoqda. Ushbu tizimdan foydalanish uchun yo'lovchi login va parol bilan ro'yxatdan o'tishi lozim. Shuningdek, Google, Facebook, Telegram kabi boshqa platform xizmatlari orqali ham autentifikatsiya qilish mumkin. Agar mijozda o'z akkaunti mavjud bo‘lmasa, maxsus ro'yxatdan o'tish shaklidan foydalanib, uni yaratish imkoniyati joriy etildi. Tizimning texnik xususiyatining o‘ziga xosligi shundan iboratki, poyezdda o‘rnatilgan Wi-Fi tarmog‘i orqali istalgan shaxsiy mobil qurilma (smartfon, planshet, noutbuk)larda kirish mumkin. Shuningdek, ushbu xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul. Shuni ta'kidlash kerakki, ishlab chiqarilgan mazkur tizimda barcha axborot xavfsizligi choralarini hisobga olgan.

Mazkur yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarda aholiga ko‘rsatilayotgan sifatli tashishlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlarni ham befarq qoldirmayapti. Zero, yo‘lovchilarni tashishga bo‘lgan ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda. Shu bois “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yangi poyezdlarni sotib olishga katta ahamiyat qaratilmoqda. O‘tgan yili Ispaniyadan yana 2 ta ana shunday poyezd olib kelingan edi va bugunda ularning soni 6 taga yetdi. Bu esa qatnovlar sonini yanada oshirish imkonini bermoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI